Soliq maslahatchisi Nodirbek Xojabekov «M-faktor» loyihasiga bergan intervyusida «obnalchilar» ishi atrofida tadbirkorlar yuzlashgan muammolarga to‘xtaldi.
«Obnalchilar» ishi yuzasidan soliq organi va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasidagi rezonans kelajakka emas, allaqachon bugunga ta'sir qilyapti. Soliq tushumlari pasayib ketdi. Tadbirkorlar soliq organi rahbarlariga «bilmasdan bundan buyon shubhali korxonalar bilan ishlab qo‘ysak-chi yoki ishlab turgan paytda u tadbirkor to‘g‘ri ishlab, keyinchalik shubhali korxonalar ro‘yxatiga kirib qolsa, unda qanaqa bo‘ladi», degan savollar berishdi. Soliq idorasi oxirgi besh yillikni tekshirish huquqiga egaligini ma'lum qildi. Bu ko‘p tadbirkorlarni cho‘chitib qo‘ydi. Bugungacha bo‘lgan holatlar sud tartibida ko‘riladi, ammo bundan keyin-chi, degan savol tadbirkorlarni qiziqtirmoqda. Bunday holat davom etsa tadbirkor kelajakda qilishi kerak bo‘lgan xarajatni tovar yoki xizmatining ustiga qo‘yadi va narx o‘z-o‘zidan oshadi», – dedi Xojabekov.
Ekspert keyingi yillarda soliq tizimini tark etgach, tadbirkorlarga tadbirkor ko‘zi bilan qaray boshlaganini ta'kidladi.
«Avval tadbirkorlarga soliqchi sifatida qaragan bo‘lsam, oxirgi 2 yil ichida tadbirkor ko‘zi bilan qaray boshladim. Haqiqatan tadbirkorga oson emas. Soliq organi tadbirkorlardan «obnalchi» bilan ishlamaganini isbotlash uchun kontragentining omborini ko‘zdan kechirishi kerak, kirimini tekshirishi kerak, degan talablar qo‘ymoqda. Bularni bilish imkonsiz, avvalo, hamma tadbirkorning o‘z tijorat siri bor. Tovarning tannarxini hech qaysi tadbirkor ko‘rsatmaydi»,– deydi u.
Shuningdek, Xojabekov DSQning yangi ochilgan firmalardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya etgani yosh tadbirkorlarga nisbatan shubha uyg‘otishi mumkinligini ta'kidladi.
«DSQ tadbirkorlarga yangi ochilgan korxonalardan ehtiyot bo‘lishni aytdi. Ammo, deylik men yosh tadbirkorman, yangi korxona ochdim va yangi ochilgan korxona bo‘lganim uchun kontragentlar mendan shubhalanmasligiga hech kim kafolat bermaydi», – deydi Nodirbek Xojabekov.
Soliq maslahatchisi Abdug‘ani Muhammadboyevga ko‘ra, tadbirkorlar ularga soliq organidan talabnoma kelgach, hisoblari bloklab qo‘yilgani bois elektron hisobot topshira olmagan. Natijada ularning kodeksda belgilab qo‘yilgan huquqlari buzilgan.
«Soliq kodeksining 21-moddasida soliq to‘lovchi tekshiruvgacha o‘z xatolarini to‘g‘rilab qo‘yishi mumkin deyilgan. Biroq soliq idorasi tadbirkorlarga talabnoma yuborgach, tadbirkor qayta hisobot topshiraman desa, uning elektron hisobi bloklab qo‘yilgani uchun qayta hisobot topshira olmadi. Buning uchun qayta elektron hisobot topshira ololmayapmiz, bizga texnik imkoniyat yaratib bering, deb soliq idorasiga asosnoma yozishga majbur bo‘ldik. Uyat emasmi?» – deydi ekspert.
Avvalroq, tadbirkorlar obnal ishi bo‘yicha DSQni sudga bergani ma'lum qilingan edi.