Moliya vazirligi O‘zbekiston budjeti daromadlar qismining 2020 yil ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarini ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, 2018 yilda budjet daromadlari 79,1 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 19,4 foiz), 2019 yilda 112,2 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 21,9 foiz), 2020 yilda 132,9 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 22,5 foiz) tashkil etdi.
Budjetdan tashqari jamg‘armalar bilan birgalikda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 2020 yilda 154 trillion so‘m bo‘lib (YaIMga nisbatan 26 foiz), 2018 yilga nisbatan 1,4 barobardan, 2019 yilga nisbatan 1,1 barobardan ko‘proq oshdi.
Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 2018 yilda 107 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 26,3 foiz), 2019 yilda esa 137,1 trillion so‘mni (YaIMga nisbatan 26,7 foiz) tashkil etgan.
Soliq va Bojxona qo‘mitalari ta'minlaydigan daromadlarning 2018-2020 yillardagi dinamikasi
Davlat soliq qo‘mitasi ma'murlashtiradigan soliqlar bo‘yicha tushumlar 2020 yilda 2018 yilga nisbatan deyarli 2 barobarga oshdi hamda 103,6 trillion so‘mni tashkil etdi (2018 yilda 54,2 trillion so‘m, 2019 yilda 83,4 trillion so‘m).
Davlat bojxona qo‘mitasi ma'murlashtiradigan soliqlar bo‘yicha tushumlar 2018 yilga nisbatan 2 barobarga oshdi va 2020 yilda 24,7 trillion so‘mni tashkil etdi (2018 yilda 11,5 trillion so‘m, 2019 yilda 17,1 trillion so‘m).
Davlat budjeti daromadlari tarkibidagi o‘zgarishlar
2018 yilda budjet daromadlari asosan bilvosita soliqlar hisobiga shakllangan va ularning ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil qilgan. Uch yillik natijalarga ko‘ra, bevosita va bilvosita soliqlarning nisbati o‘zgargan.
O‘zbekiston budjetida 2020 yil yakuni bilan bevosita va bilvosita soliqlar ulushi deyarli teng bo‘ldi: 34 foiz bevosita soliqlar va 34,9 foiz bilvosita soliqlar.
To‘g‘ri soliq daromadlarining o‘zgarishi
Foyda solig‘i tushumlari hisobot davrida 8,7 barobarga oshgan va 2020 yilda qariyb 28,7 trillion so‘mni yoki YaIMning 4,9 foizini tashkil etgan.
2019 yilda soliq stavkasi 22 foizdan 20 foizga pasaytirildi. Shu bilan birga, banklar tushumlari 2018 yilga nisbatan 2019 yilda deyarli 2 barobarga, 2020 yilda esa 3 barobarga oshgan.
2020 yilda 52,5 foiz soliq to‘lovchilarning foyda solig‘i bo‘yicha tushumlari 25 foizdan (asosiy o‘sish stavkasining 12 foizdan 15 foizga oshishi) ko‘proqqa oshdi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar 2020 yilda 15,1 trillion so‘mni yoki YaIMning 2,6 foizini tashkil etdi. Soliq to‘lovchilar soni 2020 yil noyabr oyida 2018 yil noyabrga nisbatan 12,2 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatgich 2019 yilda 2018 yilga nisbatan 6,9 trillion so‘mga oshib, 13,3 trillion so‘mni yoki YaIMning 2,6 foizini tashkil etgandi.
Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha tushumlar 2020 yilda 2018 yilga nisbatan 3,5 barobarga kamaydi va 1,4 trillion so‘mni yoki YaIMning 0,2 foizini tashkil etdi.
Bilvosita soliqlar bo‘yicha daromadlarining o‘zgarishi
Qo‘shilgan qiymat solig‘i budjet daromadlarining asosiy manbalaridan biridir. Mazku soliqning 2020 yilda davlat budjeti daromadlarining jamidagi ulushi 30,3 foizni tashkil etdi (2019 yilda 33 foiz).
QQS bo‘yicha tushumlar 2018-2019 yillarda 64,9 foizga oshdi (22,5 dan 37,1 trillion so‘mgacha). Shu bilan birga, YaIMdagi ulushi 5,5 foizdan 6,9 foizga oshdi.
2020 yilda QQS tushumlari miqdori 40,2 trillion so‘mni tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 3,2 trillion so‘mga yoki 8,6 foizga ko‘pdir (QQS stavkasi 2019 yil 1 oktyabrdan 20 foizdan 15 foizga tushirildi).
Xususan, soliq idoralari tomonidan ma'muriylashtiriladigan QQS tushumlari 2020 yilda 20,5 trillion so‘mni tashkil qildi yoki o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga kamaydi.
Bojxona idoralari tomonidan import tovarlarga undiriladigan QQS 2020 yilda 19,7 trillion so‘mni yoki 2019 yilga nisbatan 47 foizga ko‘pni tashkil etdi.
2020 yilda aksiz solig‘i tushumlari 11,7 trillion so‘mni tashkil etdi yoki 2019 yilga nisbatan 1,4 trillion so‘mga (13,5 foiz) oshdi. 2020 yilda jami budjet daromadlaridagi ushbu soliqning ulushi 8,8 foiz (2019 yilda 9,2 foiz, 2018 yilda 6,3 foiz)ni tashkil etdi.
Bojxona bojlaridan 2020 yilda 3,6 trillion so‘m mablag‘ undirilib, 2018 yilda bu ko‘rsatgich 1,8 trillion so‘mni tashkil etgan va 2 barobarga ko‘paygan.
Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha daromadlarning o‘zgarishi
2020 yilda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 21,3 trillion so‘mni (yoki YaIMga nisbatan 3,6 foiz), 2019 yil tushumlari bilan solishtirganda 1,6 trillion so‘mga va 2018 yil bilan solishtirganda 8,6 trillion so‘mga ko‘proqni tashkil etdi. Resurs soliqlaridan tushumlarning asosiy qismi yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqqa (77,2 foiz) to‘g‘ri keladi.
2020 yilda mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlar deyarli 2019 yil darajasida saqlab qolindi va 4,8 trillion so‘mni tashkil etdi, 2018 yil bilan solishtirganda esa bu ko‘rsatgi 0,6 trillion so‘mga ko‘paydi.
Ma'lumot uchun, 2020 yil 1 yanvargacha qishloq xo‘jaligi korxonalari barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘rniga yagona yer solig‘i to‘laganlar.
Bunda 2020 yilda yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i 2019 yilga nisbatan 312,9 milliard so‘mga, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha 103 millirad so‘mga qisqardi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushum 2020 yilda 73,1 milliard so‘mga qisqarib, 733,4 milliard so‘mni tashkil qilib, 2018 yil bilan solishtirganda 25,1 milliard so‘mga ko‘paydi.
Hisobotning boshqa tushumlar va soliqqa oid bo‘lmagan to‘lovlardagi o‘zgarishlar qismida Davlat soliq qo‘mitasi bo‘yicha soliqsiz tushumlar 2020 yil davomida 5,8 trillion so‘mni tashkil etgani keltirilgan.
Avvalroq, davlat budjeti daromadlarining asosiy qismi qanday soliqlar hisobiga shakllangani ma'lum qilingandi.
Shuningdek, Moliya vazirligi 2020 yilning 1-yarim yilligida davlat budjeti daromadlari 58,2 trillion so‘mni tashkil etganini ochiqlagan.