Bahodir Yusupaliyev: Dunyoda biror vaksina qo‘llashdan to‘xtatib turilgani, u butunlay zararli degan xulosaga olib kelmaydi

Jahon 19:33 / 17.03.2021 3742

Bugun, 17 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «SOVID-19 bilan bog‘liq bugungi vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev AstraZeneca vaksinasi bo‘yicha ko‘payayotgan savollarga to‘xtalib o‘tdi.

«AstraZeneca vaksinasi bilan Yevropa ittifoqi va Buyuk Britaniyada allaqachon 17 million kishi emlangan. Ular orasida zararli ta'sir qilgan deb baholangan holatlar milliondan bittani tashkil qiladi.

Bunda asosan tromboz holatlari (tomir ichida paydo bo‘ladigan qon laxtasi tomir devoriga yopishib, qon oqimiga xalaqit beradi) kuzatildi. Vaksina bilan dastlab yoshi katta odamlar emlanishi boshlanganini hisobga olsak bu tabiiy holat. Masalan, xuddi shu holat Pfizer vaksinasida ham kuzatilgan. Bunday nojo‘ya ta'sirlar aynan vaksina tufayli kelib chiqdi deb hech kim aytolmaydi, hatto JSST ham.

Dunyoda biror vaksina qo‘llashdan to‘xtatib turilgani, u butunlay zararli degan xulosaga olib kelmaydi. Shunchaki hozirda uning ta'sirlari borasida chuqur o‘rganishlar olib borilmoqda», deya Bahodir Yusupaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq AstraZeneca vaksinasining hindcha muqobili hisoblangan CoviShield vaksinasidan 660 ming doza qabul qilib olingani xabar qilingandi. Fevral oyi boshida O‘zbekiston Britaniyadagi Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlangan vaksinadan 2,6 million doza olishi haqida ma'lumot berilgan.

So‘nggi kunlarda ushbu vaksina trombozga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlardan keyin Daniya, Norvegiya, Islandiya, Italiya, Avstriya, Estoniya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Bolgariya, Niderlandiya, Portugaliya, Kipr, Sloveniya va hatto Shvetsiyada ham vaksinatsiya jarayoni vaqtinchalik to‘xtatilgani, Tailandda esa keyinga qoldirilgani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: