Xitoyda O‘zbekiston 1 mln doza olishni rejalashtirgan vaksinadan foydalanishga ruxsat berildi

Jahon 20:14 / 16.03.2021 6204

Xitoy hukumati favqulodda holatlarda foydalanish uchun koronavirusga qarshi to‘rtinchi vaksinani ma'qulladi, deb xabar berdi Global Times.

Xabarda aytilishicha, vaksina Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi direktori, akademik Gao Fu hamda Xitoy fanlar akademiyasi boshchiligidagi xitoylik olimlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan.

Xitoy fanlar akademiyasining bildirishicha, vaksinaning birinchi va ikkinchi bosqich klinik sinovlari o‘tgan yil oktyabrda yakunlangan. Sinov natijalari to‘liq emlashdan so‘ng emlanganlarda jiddiy nojo‘ya ta'sirlar kuzatilmaganligini ko‘rsatgan. 

Ma'lumot berilishicha, uchinchi bosqich klinik sinovlari Xitoy, O‘zbekiston, Pokiston, Ekvador va Indoneziyada 2020 yil noyabrda boshlangan.

Fevral o‘rtalarida O‘zbekiston Xitoyning ZF 2001  vaksinasidan 1 mln doza xarid qilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston ZF 2001 vaksinasini birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgilangan.

 “Bu yangi vaksina ZF-UZ-VAC 2001 nomi ostida birgalikda ishlab chiqariladi va foydalaniladi”, deyilgandi xabarda.

ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi O‘zbekistonda 1 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: