Prezident 2021 yilda amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi

Iqtisodiyot 10:42 / 16.03.2021 10499

Joriy yilda Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan jami 1 ming 125ta loyihada asosiy e'tibor iqtisodiy samaradorlik va aholi bandligiga qaratilgan. 

Jumladan, viloyat hududida 261 mln tonna sement xomashyosi zaxirasi borligi Geologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, shundan 84 foizini o‘zlashtirish uchun loyiha ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha asosida 2021 yil yakuniga qadar yiliga 1 mln 200 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushiriladi.

Viloyatda chorva ko‘pligi sababli yiliga 300 ming dona teri chiqadi. Bugungi kunda terini qayta ishlab chiqish zavodida 1 mln dona vet-blyu tayyor teri mahsuloti Xitoyga 15 dollardan eksport qilinmoqda. Tahlillar natijasida 1 metr vet-blyu teri xomashyosidan 5 juft poyabzal tayyorlash mumkinligi aniqlandi. Ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish hamda ishchi o‘rinlar yaratish maqsadida ushbu teri mahsulotidan poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Chiroqchi tumanida gipsokarton, pardozbop toshlar, gazbeton, temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 210 mlrd so‘mlik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.

Avval o‘tkazilgan taqdimotlarda Qashqadaryo viloyatining ichimlik suv bilan ta'minlanish darajasi 52 foiz ekanligi haqida ma'lumot berilgan edi va joriy yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 79 foizga oshirish maqsad qilingandi. Suv bilan ta'minlanganlik haqidagi ushbu ko‘rsatkich davlat rahbarida shubha uyg‘otganligi sababli mazkur masala qayta o‘rganib chiqildi.

Mahallabay o‘rganish natijasida viloyatdagi jami 771ta mahalladan 342tasi bugungi kunda umuman ichimlik suvi bilan ta'minlanmagani, 292ta mahallada qisman ichimlik suv borligi, 137tasi ichimlik suv bilan ta'minlangani aniqlandi. Bundan ko‘rish mumkinki, viloyatda ichimlik suv bilan ta'minlanish darajasi real holatda 37 foizni tashkil qiladi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda ayni paytda ichimlik suv yetib bormagan mahallalarga suv yetkazib berish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Endilikda butun respublika bo‘ylab shu tarzda o‘rganish ishlari boshlangan. Yaqin 15 kun ichida bu jarayon yakuniga yetib, respublika miqyosida ichimlik suv bilan ta'minlanish darajasi qay ahvolda ekanligi ma'lum bo‘ladi.

Shuningdek, elektr energetikasi sohasida 2021 yilda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Respublika bo‘ylab 84ta podstansiya mavjud bo‘lib, shundan 27tasi eskirgan va ularni yangilash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingta transformatorni yangilash rejalashtirilgan. Bu ishlar natijasida O‘zbekistondagi 5 ming 377ta mahallaning elektr ta'minoti yaxshilanadi.

Bundan tashqari, yuzaga kelayotgan elektr energiyasidagi yetishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston va Tojikiston energetika tizimida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Ya'ni aholining elektr energiyasi iste'moli ortgan vaqtda yuzaga keladigan talab shu orqali qondiriladi. Energetika tizimida bajariladigan bu loyiha uchun jami 14,7 mln dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: