Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Avtogazta'minot» MChJning davlat mulki sifatida sotiladigan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalari, servislar va boshqa 20ta ko‘chmas mulk obektini elektron savdoga chiqarmoqda.
Agentlik xabariga ko‘ra, tadbirkorlar uchun tayyor biznes shaklida taklif etilayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining 8 tasida siqilgan tabiiy gazni sotish faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha litsenziya mavjud.
«Xaridor litsenziya talablariga javob bersa, ushbu hujjat belgilangan tartibda uning nomiga rasmiylashtiriladi», deyiladi ma'lumotda.
Ayni paytda faoliyat olib borayotgan Farg‘ona viloyatidagi avtotransport vositalariga siqilgan gaz quyish shoxobchasi 3,6 milliard so‘mga, Qoraqalpog‘istondagi avtotransport vositalariga siqilgan gaz ballonlarini o‘rnatish servis markazi 4,2 milliard so‘mga boshlang‘ich narx bilan savdoga chiqarilishi kutilmoqda.
Agentlikning ma'lum qilishicha, Buxoro, Qashqadaryo, Qarshi, Navoiy, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan qurilishi davom etayotgan gaz quyish shoxobchalari, servis markazlari va boshqa ko‘chmas mulklar investorlarga taklif etiladi.
Eslatilishicha, savdolar O‘zbekiston prezidentining «Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida olib boriladi.
Mazkur mulklarni sotib olish to‘lovlari 90 kun davomida to‘lanishi lozim. Agarda to‘lovlar bir oy ichida to‘liq amalga oshirilsa, Markaziy bankning yillik qayta moliyalashtirish stavkasiga teng miqdorda chegirma beriladi.