O‘zbekiston Markaziy banki fevral oyida ichki valuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalarga doir qisqacha sharh e'lon qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan oyda ichki valuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 1 milliard 600 million AQSh dollarini tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 4 foizga o‘sgan.
Yuridik shaxslar bilan amalga oshirilgan valuta operatsiyalari
Fevral oyida ichki valuta bozorida xorijiy valutadagi umumiy taklif hajmi 1 milliard 200 million AQSh dollarini (Markaziy bank intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 28 foizga o‘sdi.
Xususan, hisobot oyida:
- xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan 665 million AQSh dollari miqdoridagi chet el valutalari sotilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich avvalgi oyga nisbatan 20 foizga oshdi;
- banklar va jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan chet el valutalari miqdori 494 million dollarni;
- Moliya vazirligi tomonidan sotilgan chet el valutalari miqdori 30 million dollarni tashkil etdi.
2021 yil fevral oyida yuridik shaxslar tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan talab yanvar oyiga (1,14 milliard AQSh dollari) nisbatan 15 foizga o‘sib, 1,28 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Sharhda keltirilishicha, valuta bozorida chet el valutasining asosiy qismi (51 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 27 foizi xorijiy kreditlarni so‘ndirish, 19 foizi xalq iste'moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 2 foizi xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 1 foizi boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.
Jismoniy shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar
2021 yil fevral oyida jismoniy shaxslar tomonidan valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valutasi miqdori 527 million AQSh dollarini (yanvar oyida 420 million AQSh dollari, o‘sish 25 foiz), sotib olish hajmlari 307 million AQSh dollarini (yanvar oyida 382 million AQSh dollari, kamayish 20 foiz) tashkil etdi.
O‘z navbatida, fevral oyi davomida jismoniy shaxslarning chet el valutasiga bo‘lgan taklifi talabga nisbatan 220 million AQSh dollariga ko‘p miqdorda shakllandi.
Hisobot oyida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta mablag‘lari hajmi 464 million AQSh dollarini tashkil etib, yanvar oyi ko‘rsatkichiga nisbatan 9 foizga yoki 37 million AQSh dollariga oshdi.
Markaziy bankning valuta intervensiyalari
Ushbu davrda Markaziy bankning valuta intervensiyalari oltin-valuta zaxiralarining neytralligi prinsipiga asoslangan holda amalga oshirildi. Bunda Markaziy bank tomonidan sotilgan chet el valutasining sof hajmi oy davomida sotib olingan monetar oltin hajmi doirasida bo‘lishi ta'minlandi.
Xususan, hisobot oyida Markaziy bank tomonidan monetar oltin sotib olinishi natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha likvidlilikni sterilizatsiya qilish maqsadida 4,1 trillion so‘m ekvivalentidagi valuta mablag‘lari valuta birjasida sotildi.
Hisobot oyida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valuta bozorida sotib olingan mablag‘lar (konvertatsiya) ulushi 57 foizni, xorijiy valutadagi o‘z mablag‘lari ulushi 27 foizni tashkil etdi.
Almashuv kursi dinamikasi
Hisobot davrida milliy valutaning almashuv kursi dinamikasi valuta bozoridagi talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib, ichki va tashqi omillar ta'sirida shakllandi. Xususan, joriy yil yanvar-fevral oylari davomida milliy valuta kursi 0,6 foizga qadrsizlandi (yil boshida 10 461 so‘m/dollar, fevral oy so‘ngida 10 525,5 so‘m/dollar).