Britaniyada ichak saratonini erta aniqlash uchun kamerali kapsula sinovdan o‘tkazilmoqda

Light 10:47 / 12.03.2021 101444

PillCam (tabletka-kamera) deb nomlangan mitti qurilma ikki santimetrli kapsula hamda videokamera va uzatkichdan iborat bo‘lib, ichaklar tasvirini bemor beliga taqib olgan belboqqa qadalgan priyomnikka uzatadi.

Undan London universitet kolleji (nafaqat Britaniya, balki dunyoning eng yaxshi va qimmat oliy o‘quv yurtlaridan biri – tahr.) va Shotlandiyaning bir necha tibbiyot muassasalarida foydalanishmoqda. Hozir sinovlarda Angliyaning 40 hududidan 11 ming patsiyent qatnashmoqda. Kapsula tanada 5-8 soat qoladi va axlat bilan birga chiqib ketadi.

Jarayon mutlaqo zararsiz va og‘riqsiz. Saraton o‘smalaridan tashqari kapsula boshqa kasalliklar, jumladan, Kron kasalligini aniqlashda ham qo‘l keladi.

Yangi usulga «kapsulali endoskopiya» deb nom berildi. Hozircha endoskopiya klinik sharoitlarda og‘riqsizlantirib olib borilmoqda.

Kapsulali endoskopiyadan oldin an'anaviy endoskopiya kabi oshqozonni surgi dori bilan tozalash, shuningdek, tibbiyot muassasasiga ikki marta borish kerak – qurilmani olish va uni tasvirlar bilan qaytarib berish uchun.

«Ilmiy fantastika reallikka aylanmoqda. Mitti kamera inson tanasida harakatlanadi va soniyasiga ikkita tasvir oladi», deydi Angliya Sog‘liqni saqlash milliy xizmati rahbari Saymon Stivens.

«Tibbiyot kelajagi uyga yaqinroq bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash milliy xizmati uzoqni shunday ko‘ryapti. Texnologiyalar rivojlana borishi bilan tekshiruvlar ko‘proq uyda qilinadigan bo‘laveradi», deydi Qirollik shifokorlar jamiyati prezidenti Endryu Goddard.

Koronavirus pandemiyasi tendensiyani tezlashtirib yubordi

Sog‘liqni saqlash milliy xizmati onkologiya departamenti direktori, professor Piter Jonsonning aytishicha, shifokorlar koronavirus tufayli klinik tekshiruvlar kamaygani bois saratonga chalinish ko‘payib ketishidan cho‘chishmoqda.

Britaniyalik taniqli onkolog professor Martin Marshall yangi metod sinovi natijalarini intiqlik bilan kutayotganini ma'lum qilgan. «Ko‘plab insonlar invaziv tashxislashdan qochishadi, kapsulali kolonoskopiya jarayonni noqulayliksiz amalga oshirish imkonini beradi», deydi u.

Britaniyada ichak o‘smasi saratonning o‘lim bilan yakunlanuvchi turlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi – yiliga o‘rtacha 16600 o‘lim. Onkologik kasalliklarda erta tashxis qo‘yish juda ham muhim.

Ko‘proq yangiliklar: