Xususan, ntv.com nashrida nashr etilgan maqolada Markaziy Osiyo yetakchilaridan hisoblangan O‘zbekistonda 2018 yildan iqtisodiy sohada islohotlar boshlagani qayd etilgan.
«O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligi va energetika sohasida, bank ishi va turizm sohasida yutuqlarga erishdi hamda xorijiy investorlarga o‘z eshiklarini ochdi. 2021 yilda mamlakatga keluvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 7,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda», – deyiladi maqolada.
2020 yilda O‘zbekiston MDH davlatlari orasida YaIM o‘sishi bo‘yicha ijobiy tendensiyani saqlab qolgan uch davlatdan biri bo‘lgani, aholi jon boshiga hisoblaganda YaIM miqdori 2019 yilga kelib 1740 dollarni tashkil qilayotgani qayd etilgan.
Maqolada O‘zbekistonning oltin va uran kabi ko‘plab tabiiy boyliklar zaxiralariga egaligi, mamlakat tashqi qarz miqdori Xalqaro valuta jamg‘armasi tavsiya qilgan miqdordan pastligi hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘z boradi.
Shuningdek, Turkiyaning IHLOS xabar agentligida O‘zbekistonning agrar sohada olib borayotgan islohotlariga bag‘ishlangan maqola nashr etildi.
Ma'lum qilinishicha, COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyoda oziq-ovqat xavfsizligiga ziyon yetib, bu boradagi inqiroz yanada kuchayishi mumkin. O‘zbekiston bu borada 2017 yilda qabul qilingan «Harakatlar strategiyasi»ga muvofiq, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va intensiv rivojlantirish borasida ishlar olib bormoqda.
Maqolada mamlakatda qishloq xo‘jaligi tizimi samaradorligini oshirish evaziga oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sezilarli darajada oshgani qayd etilgan. Shuningdek, karantin sharoitlariga qaramay O‘zbekiston 2020 yilning birinchi yarmida meva-sabzavotlar eksportini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘proq amalga oshirgani ta'kidlangan.
O‘zbekiston 2019 yilda dunyo davlatlarining oziq-ovqat xavfsizligi (Global Food Security Index) reytingida 9 o‘rin yuqoriladi va 71-o‘rinni egalladi. Maqolada keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida aholisi to‘yib ovqatlanmasligi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarga ega.
Shuningdek, O‘zbekiston sohadagi islohotlar davomiyligini ta'minlash va xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida BMT tomonidan tashkillashtirilayotgan Oziq-ovqat tizimi sammitida qatnashishi nazarda tutilgan.