O‘zbekiston va Qirg‘iziston ustav kapitali 50 mln dollarlik investitsiya jamg‘armasini tuzadi

Iqtisodiyot 20:36 / 11.03.2021 8481
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari o‘rinbosarlari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda moliya va iqtisodiyot vaziri Ulukbek Karmishakov ikki davlat o‘rtasida investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Kelishuvga ko‘ra, jamg‘armaning ustav kapitali dastlab 50 dollarni tashkil etadi, keyinchalik 200 mln dollarga yetkaziladi.

Tomonlar 11 mart kuni, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan o‘zbek-qirg‘iz biznes forumida shu haqda kelishib oldi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Sardor Umurzoqov yangi jamg‘arma ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rivojlanishining katalizatoriga aylanishini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, investitsiya jamg‘armasi bir qator qo‘shma loyihalarni, birinchi navbatda, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Qirg‘iziston qo‘shma korxonalarining soni 2 baravar ko‘paygan, savdo aylanmasi 5 barobar ortgan va pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramay, 2020 yilda o‘zaro savdo hajmi 10 foizga o‘sgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil yanvar-dekabr oylarida Qirg‘iziston bilan savdo aloqalarida o‘sish kuzatilib, 903,2 million dollar TSA qayd etilgan.

Shundan 756,6 million dollar – O‘zbekistonning eksporti, 146,5 million dollari O‘zbekiston importiga to‘g‘ri kelgan. Qirg‘iziston bilan savdoda aktiv TSA 610,1 million dollarga teng bo‘lgan. O‘tgan yil davomida  O‘zbekistonning Qirg‘izistonga eksport hajmi 13 foizga oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: