Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi 

Iqtisodiyot 15:42 / 11.03.2021 8239

Markaziy bank boshqaruvi 2021 yil 11 martda asosiy stavkani yillik 14,0 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, bu qaror 2021 yil yakunida inflatsiyaning oraliq maqsadli ko‘rsatkichi – yillik 10 foizdan past darajasiga erishish va iqtisodiy faollik barqaror tiklanishi uchun yetarli sharoit yaratish, shuningdek, inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosati joriy yo‘nalishini davom ettirish maqsadida qabul qilindi.

Ta'kidlanishicha, 2021 yil yanvar-fevral oylarida yillik inflatsiya darajasi mavsumiy omillar va oziq-ovqat narxlari o‘sishi ta'sirida biroz tezlashdi va mos ravishda 11,6 va 11,4 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat narxlarining o‘sishi umumiy inflatsiyaga sezilarli oshiruvchi ta'sir ko‘rsatishda davom etayotgani aytiladi. Xususan, ushbu guruh bo‘yicha narxlar yillik hisobda o‘rtacha 14,6 foizga oshdi va umumiy inflatsiyaga oshiruvchi ta'siri 6,2 foiz bandni tashkil etdi.

Joriy yil yanvar-fevral oylarida oziq-ovqat mahsulotlaridan shakar, o‘simlik yog‘i, tovuq go‘shti va meva-sabzavotlar narxlari o‘sishi umumiy inflatsiyaga salmoqli hissa qo‘shdi. Xususan, shakar narxi 3,7 foizga, o‘simlik yog‘i – 3 foizga, tovuq go‘shti – 5,7 foizga, meva va yong‘oqlar – 5 foizga, sabzavot va dukkakli mahsulotlar – 3,2 foizga o‘sdi.

Bildirilishicha, tashqi sektordagi o‘zgarishlar va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxlari deyarli bir yildan beri davom etayotgan o‘sishi qisqa muddatli istiqbolda inflatsiyaga oshiruvchi bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Shu bilan birga, 2021 yil dastlabki oylarida nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlari o‘sish sur'atlarining ham biroz tezlashishi qayd etildi. Ushbu guruhdagi tovar va xizmatlar narxlari o‘sishi, asosan, hududlarda yil boshida sovuq suv tariflarining bozor narxlariga to‘g‘rilanishi, ayrim mahsulotlarga nisbatan aksiz solig‘i indeksatsiya qilinishi, shuningdek, benzin narxi o‘sishi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yil boshidan buyon aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari mos ravishda 16,3 foiz va 17 foizgacha pasaygan bo‘lsa ham, inflatsiyaning amaldagi hamda prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: