Dunyodagi vaziyat: AstraZeneca gumon ostida, Yevropaga uchinchi to‘lqin yopirildi

Jahon 22:07 / 11.03.2021 26486

Roppa-rosa bir yil muqaddam Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda tarqalayotgan koronavirus pandemiya darajasiga chiqqanini rasman e'lon qilgandi. Ushbu virusdan kasallanganlar haqida ilk bor Xitoy matbuotida 2020 yil yanvarida paydo bo‘lgandi. Fevral o‘rtalariga kelib virus Yevropagacha yetib bordi, fevral oyi oxirida esa Italiya o‘z tarixidagi bemisl darajadagi lokdaun holatida yashayotgandi.

Jons Hopkins Universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida dunyo bo‘ylab Covid-19 bilan zararlanganlar soni 118 mln kishidan ortdi, 2,6 mln.dan ortiq bemor vafot etdi.

AstraZeneca shubha ostida
Yevropa Dori-darmon agentligi (EMA) Yevroittifoq mamlakatlarida foydalanish uchun to‘rtinchi vaksinani ma'qulladi. Bu Amerikaning Johnson & Johnson nomli konserni tomonidan ishlab chiqariladigan shu nomdagi preparatdir.

YeIda shu vaqtgacha Britaniyaning AstraZeneca, Germaniyaning Pfizer va Amerikaning Moderna vaksinalari ma'qullangandi. Johnson & Johnson vaksinasining klinik sinovlari preparat 85 foiz samaradorlikka egaligini ko‘rsatgan, boshqa vaksinalardan farqli ravishda J&J vaksinasining bitta dozasi bilan emlash yetarli bo‘ladi.

Shu bilan birga, EMA AstraZeneca preparati trombga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan Daniya sog‘liqni saqlash vazirligi so‘roviga binoan tekshiruv boshladi.

Daniya, Norvegiya va Islandiyada Oksford universiteti va ingliz-shvedlarning AstraZeneca kompaniyasi tomonidan tayyorlangan vaksinani qo‘llash to‘xtatildi, bunga Daniyada ushbu preparat bilan emlanganlarda tromblar (qon quyuqlashishi) kuzatilgani va bir kishi vafot etgani sabab bo‘ldi.

Daniya hukumati ushbu preparat bilan emlanganlarning qanchasi qon quyuqlashishidan shikoyat qilganiga aniqlik kiritmagan, ammo ularning so‘zlariga ko‘ra, bunday shikoyatlar soni ushbu vaksina bilan emlashni ikki haftaga - tadqiqotlarning ilk natijalari chiqqunicha to‘xtatish haqida qaror qilish uchun yetarli bo‘lgan.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, 9 mart kuni turli mamlakatlardan - Avstriya, Estoniya, Latviya, Litva va Lyuksemburgdan 22 murojaat kelib tushgan.

«Biz Daniya tarixidagi eng keng ko‘lamli emlash kampaniyasi o‘rtasida turibmiz va bizga bor vaksinalarning barchasi kerak. Shu tufayli vaksinalardan birini qo‘llashdan chiqarib tashlash - juda og‘ir qaror», - degan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha milliy kengash rahbari Shyoren Bromstryom.

U mamlakat AstraZeneca vaksinasidan butunlay voz kechmayotgani, shunchaki foydalanish vaqtinchalikka to‘xtatilganini ta'kidlab o‘tgan.

EMA vakilining so‘zlariga ko‘ra, hozircha vaksina va qon quyuqlashishi holatlari orasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi bo‘yicha aniq xulosa yo‘q.

Tejamkor vaksinatsiya
Ko‘rilayotgan barcha choralarga qaramasdan, butun dunyo bo‘ylab epidemiolok vaziyat yaxshilanmayotgani tufayli olimlar emlash jarayonini yanada tezlashtirish imkoniyatlarini qidirishmoqdai. Tennessi shtatining Neshvill shahrida joylashgan Meharri tibbiyot kolleji tadqiqotchilari kelgan xulosaga ko‘ra, Covid-19 ni boshdan kechirib bo‘lgan odamlarga Pfizer yoki Moderna preparatlaridan bitta doza yuborish kifoya qilishi mumkin.

Bu vaksinalar qo‘llanayotgan mamlakatlarda millionlab odamlar kasallikni boshidan kechirib bo‘lgani hisobga olinsa, ikkinchi dozani to‘xtatish vaksinatsiya kampaniyasini birmuncha tezlashtiradi va vaksinalarni yetkazib berishdagi uzilishlarni kompensatsiya qiladi.

Masalan, AQShda 28 million kishi kovidni boshdan o‘tkazib bo‘lgan, bu esa 15 mln dozaga yaqin vaksinani o‘z navbatini kutayotganlar uchun taqsimlash mumkin deganidir.

Olimlar oddiy taxminga tayanishmoqda: kasallikni yengib o‘tgan odamning imun tizimi virusni darhol taniydi va organizm vaksinaning birgina dozasidan keyin ham himoya tizimini ishga tushira oladi.

Bahorgi zo‘riqish
Gul changi ham Covid-19 bilan zararlanish xavfini oshirishi mumkin, hatto allergiyadan aziyat chekmaydiganlarni ham. AQShdagi Kolumbiya universitetida o‘tkazilgan tadqiqot mualliflari shunday xulosaga kelishgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bahorning ilk davrida, daraxtlar gullayotgan mahalda bu jihatga jiddiy e'tibor qaratish kerak bo‘ladi. Olimlarning aytishicha, iqlim o‘zgarishlari tufayli bu mavsumda daraxtlarning gullashi odatdagidan ancha erta ro‘y berdi va bu mavsum uzoqroq davom etadi, bunday holat so‘nggi o‘n yillar mobaynida kuzatilmagan.

Bundan tashqari, bahorgi (gullar va mevali daraxtlar), yozgi (boshoqli ekinlar va o‘tlar) hamda kuzgi (ambroziya) mavsumlar oralig‘ida deyarli tanaffuslar bo‘lmaydi.

Tadqiqotchilarning fikricha, koronavirusni simptomsiz o‘tkazuvchilar ko‘chalarda aksa urishadi va virus yanada tezroq tarqalishiga xizmat qilishadi. Bundan tashqari, allergiya mavsumida allergiyasi qo‘ziydiganlar burun bitishi, tomoq og‘rig‘i va yengil yo‘talish kabi alomatlarga e'tibor bermasligi mumkin, Covid-19ning o‘rta darajasida esa aynan shunday alomatlar kuzatiladi.

Yevropa: yangi lokdaunlar

Estoniyada payshanba kunidan navbatdagi lokdaun boshlanmoqda va bu bir oy davom etadi. Maktablar masofaviy ta'limga o‘tmoqda, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon sotilmaydigan do‘konlar yana yopiladi, 2+2 qoidasi joriy etiladi, unga ko‘ra, jamoat joylarida faqat ikki kishi uchrashishi va ular bir-biridan kamida ikki metr masofada turishi mumkin.

Germaniyada kasallanganlar soni qatorasiga ikkinchi haftadirki, o‘sib bormoqda. So‘nggi 24 soatda 14,3 mingdan ortiq yangi holatlar qayd etilgan. Tibbiyot xodimlari vaksinatsiya jarayonini imkon qadar tezlashtirishni so‘rashmoqda, ammo Yevropadagi barcha mamlakatlarda vaksinalar tanqisligi kuzatilayotgan holatda buning imkoni yo‘q. Hukumat hozirgi epidemiologik vaziyatni mamlakatda boshlangan uchinchi to‘lqin sifatida baholamoqda.

Portugaliya prezidenti Robelo de Souza parlamentdan mamlakatda joriy etilgan favquodda holat rejimini 31 martga qadar uzaytirishni so‘radi, holbuki hukumat vakillari lokdaundan bosqichma-bosqich chiqish masalasini muhokama qilishga kirishgandi. Portugaliyada qat'iy karantin yanvar oyi o‘rtalaridan beri amalda, ammo keyingi haftada bolalar bog‘chalarini ochish rejalashtirilgandi.

Chexiya hukumati mahalliy shifoxonalarda joy qolmagani tufayli koronavirusga chalingan bemorlarni Polshaga davolanish uchun yuborishni boshladi. Kasallik tarqalishini jilovlash uchun dushanba kunidan Chexiyada maktablar va do‘konlarning asosiy qismi yopilgandi. Chexiya kasallanish holatlari o‘sishi bo‘yicha Yevropada yetakchi - So‘nggi 14 kun ichida har million kishiga 15 ming holat to‘g‘ri kelgan.

Taqqoslash uchun, Buyuk Britaniyada bu ko‘rsatkich har million kishiga 1440 holatni tashkil etadi. O‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan chexiyalik immunologlardan biri kinoya bilan chexlarga endi vaksina kerak emasligi, chunki aholining katta qismi kasallanib bo‘lgani va mamlakat hech qanday emlashlarsiz ham jamoaviy immuniteta hosil qilishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Polshada vaziya Chexiyadagiga qaraganda biroz yaxshiroq. Chorshanba kuni hukumat o‘tgan yil noyabridan buyon eng yuqori kunlik o‘sishni qayd etdi - bir kunda 17 260 kishida virus aniqlangan.

Shunga o‘xshash vaziyat - Vengriyada ham kuzatilmoqda, yangi kasallanish holatlari dekabr oyidagi pikka qaytgan - kuniga 6 mingdan ortiq kishida virus chiqqan.

Bu yerda ham o‘lim darajasi yuqori - mamlakatning bosh sanitar vrachi Sesiliya Myuller vaziyatni «juda jiddiy» deb atagan, bosh vazir Viktor Orban kasalxonalarga yotqizilganlar soni hozirgi 8 mingdan 20 minggacha o‘sishi mumkinligidan ogohlantirgan. Vengriya YeI hududida rossiyaliklarning «Sputnik V» vaksinasini qo‘llashga ruxsat bergan ilk mamlakat bo‘lgandi, Rossiyadan olinayotgan vaksina aholining 10 foizini emlash uchun yetadi.

Slovakiyada ham kasallanish holatlari va o‘lim holatlari tezlik bilan o‘smoqda. Mamlakat bosh vaziri Igor Matovich seshanba kuni YeIning dori-darmonlar bo‘yicha agentligini rossiyaliklar vaksinasini tezroq ma'qullashga chaqirib, o‘rtaga odamlar hayoti tikilganini aytib ogohlantirgandi. Avvalroq Matovich koalitsiyadagi hamkorlari bilan kelishmasdan, YeI va alyans bo‘yicha qo‘shnilariga ham xabar bermasdan «Sputnik V» vaksinasidan ikki million doza sotib olish bo‘yicha kelishib qo‘ygani ma'lum qilingandi.

Birinchi to‘lqin vaqtida eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatlardan biri bo‘lmish Fransiyada intensiv terapiyaga ehtiyoj sezayotgan bemorlar soni kamaymayapti, chorshanba kuni yana 264 kishi vafot etgan. Hukumat shifoxonalardagi vaziyat tashvishli ekanini ma'lum qilgan, ammo jamoatchilik ommaviy vaksinatsiya orqali vaziyatni o‘nglash mumkinligi bilan tinchlantirilgan. Vaksinatsiya jarayoni boshlanganidan buyon 67 million kishilik aholining 2 millioni emlandi.

Birinchi to‘lqin vaqtida asosiy o‘choqlardan yana biri bo‘lgan Ispaniyada yangi kasallanish holatlari kamaymoqda. Yanvar oyi oxirida bu yerda har 100 ming kishiga 900 kasallanish holati to‘g‘ri kelayotgandi, 10 mart kuni - atigi 153 yangi holat qayd etildi. Ispaniyalik shifokorlar ish sharoitlarini yaxshilash va mehnatga haq to‘lashni oshirish talabi bilan muddatsiz zabastovka boshlashdi. Bu mamlakat tarixida ilk marta sog‘liqni saqlash xizmatidagi barcha sohalar - shifoxonalardan tortib poliklinikalargacha, keksalar uylaridan tortib, shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatigacha yoppasiga ish tashlash e'lon qilishidir.

«Biz to‘yib ketdik», - haftasiga 35 soatlik ish soati va tungi smenalar sonini qisqartirish talabi bilan ko‘chalarga chiqayotgan shifokorlar shunday shiorlar bitilgan plakatlarni ko‘tarishmoqda.

Italiyada esa fevral oyi o‘rtalaridan kunlik o‘sish holatlari o‘sishni boshlagandi - 11 mart kuni 22 409 yangi holat qayd etildi - bu bir kun oldingiga qaraganda qariyb 3 mingga ko‘pdir. Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon bu mamlakatda 101 mingga yaqin kishi ushbu kasallikdan vafot etdi. Milliy statistika boshqarmasi - Istat ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya tufayli 2020 yilda Italiyada umr ko‘rish davomiyligi bir yoshga kamaydi - 82,3 yosh. 2019 yilda Italiya Yevroittifoq miqyosida bu ko‘rsatkich borasida birinchi o‘rinda edi.

Asosiy o‘choqlar
Kasallanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha dunyo reytingida uchinchi o‘rinda turgan Braziliyadagi vaziyat yana keskin yomonlashdi.

Mamlakatda so‘nggi oylarda ilk marta ushbu kasallikdan bir kunda vafot etganlar soni 2,2 mingdan oshiqni tashkil etdi. Pandemiya davri qurbonlari bo‘lgan brazillar soni 270,6 mingdan oshgan, shu vaqtgacha 11,2 mln kishida kasallik qayd etilgan. Tibbiyot xodimlari o‘lim darajasi keskin ko‘tarilishini yangi shtamm shitob bilan tarqalayotgani bilan izohlashgan.

Muxolifat vakillari yana prezident Jair Bolsonaruga tashlanishmoqda, davlat rahbari avvalboshdan epidemiologik  tahdidni bo‘rttirilgan deb hisoblab keladi. Hafta boshida u xalqni «yig‘loqilik qilish»ni bas qilishga chaqirgandi.

Mamlakatning sobiq prezidenti Luis Ignasio Lula da Silva yuzaga kelgan vaziyatni Bolsonaruning xato qarorlari oqibati deb atadi.

Braziliya jamoat sog‘ligini saqlash departamenti Fiocruz xabariga ko‘ra, yirik shaharlardagi shifoxonalar o‘z imkoniyatlari chegarasida ishlamoqda va bundan keyingi bemorlarni qabul qila olmaydi. «Biz uchun 2021 yil ham juda og‘ir kechadi», - degan departament rahbari Margaret Dalkolmo.

Keniya sog‘liqni saqlash vaziri Mutaxi Kagve mamlakatda koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini kechayotganini ma'lum qildi. O‘tgan bir kun ichida kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha 2020 yil noyabridan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan - 713 kishida virus aniqlangan.

Kagvening so‘zlariga ko‘ra, sun'iy nafas oldirish tizimiga ehtiyoj sezayotgan bemorlar soni ham oshmoqda. Vazir mamlakatni juda qiyin davr kutib turganidan ogohlantirgan.

Keniya - Afrikadagi xalqaro biznes rivojlangan yirik davlatlardan biri bo‘lib, vaziyat qit'aning boshqa davlatlariga ham oson ta'sir qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: