Yevropa kengashi raisi Rossiya va Xitoyni koronavirus vaksinasi tashviqotida aybladi

Jahon 15:01 / 10.03.2021 2993

Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel Rossiya va Xitoy hukumatlarini koronavirus vaksinasidan propaganda quroli sifatida foydalanayotganlikda aybladi. «Har ikki davlat ham boshqa davlatlarga «o‘ta cheklangan miqdorda» yetkazib beryapti, biroq bu haqda jamoatchilikka bong urishmoqda», degan Mishel 9 mart kuni Bryusselda.

«Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, bu davlatlarda har 100 kishiga to‘g‘ri keladigan doza Yevropadan ikki barobar kamroq. Yevropa vaksinadan propaganda maqsadlarida foydalanmaydi. Biz qadriyatlarimizni targ‘ib qilamiz», deya ta'kidlagan Yevrokengash rahbari.

Mishel vaksina davlatlar o‘rtasida taqsimlanishi haqida gap ketganda, vaksinatsiya sohasidagi millatchilikni inkor qildi. Shu bilan birga, siyosatchi AstraZeneca bilan mojaro mobaynida Bryussel uchinchi davlatlarga vaksina eksportini nazoratga olish himoya mexanizmini joriy qilganini tan olgan. «Biroq Yevroittifoq vaksina eksportini to‘xtatganicha yo‘q. Ammo Buyuk Britaniya va AQSh vaksina eksportini butunlay taqiqlab qo‘yishdi», deydi Mishel.

Buyuk Britaniya esa uning vaksina eksportiga qo‘yilgan taqiq haqidagi so‘zlarini inkor qildi. «Britaniya hukumati hech qaysi koronavirus vaksinasi eksportini hech qachon taqiqlamagan», deyilgan Dauning strit bayonotida.

Bir necha davlatlar Rossiya va Xitoy vaksinalarini sotib olishga shay

Yevropa Ittifoqining bir necha davlatlari, jumladan, Vengriya, Chexiya va Slovakiya Yevroittifoqqa ajratilgan vaksina yetishmovchiligi sabab Rossiya va Xitoydan preparat sotib olishni rejalashtiryapti. Rossiya va Xitoy vaksinalari Bryussel tasdig‘idan o‘tmagan, lekin Yevroittifoq davlatlari inqirozli vaziyatda o‘z davlatlaridagina foydalanish uchun preparatlardan foydalanishi mumkin.  

Vengriya Xitoyning Sinopharm kompaniyasiga 5 million, Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasiga 2 million doza buyurtma bergan. Mamlakat bosh vaziri Viktor Orban Xitoyning Sinopharm vaksinasi bilan emlandi. Chexiya prezidenti Milosh Zeman Rossiya prezidenti Vladimir Putinga vaksina yetkazib berishni so‘rab murojaat qilgan va Putin rozi bo‘lgan. Slovakiyada esa, «Sputnik V» vaksinasini xarid qilish mobaynida hukumatda inqiroz sodir bo‘lyapti. Bosh vazir Igor Matovich koalitsiyadagi hamkorlarining roziligisiz Rossiya bilan vaksina yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolagan.

Ko‘proq yangiliklar: