Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki mablag‘larini jalb qilish orqali “O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy iqtisodiyot uchun malakalarni rivojlantirish” loyihasini samarali amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Mehnat bozori va professional ta'lim tizimi o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash, aholining ish bilan bandligi va professional ta'lim tizimlarini boshqarishni takomillashtirish, O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish loyihaning maqsadi hisoblanadi.
Loyihaga ko‘ra:
- «Zamonaviy iqtisodiyot uchun malakalarni rivojlantirish» loyihasini moliyalashtirish uchun 2020 yil 11 dekabrda Osiyo taraqqiyot banki direktorlar kengashi imtiyozli resurslar hisobidan 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 25 yilda qaytarish sharti bilan 93 mln AQSh dollari miqdorida qarz berishni ma'qullagan;
- loyihaning umumiy qiymati 162 mln AQSh dollarini, jumladan:
- 93 mln AQSh dollari – Osiyo taraqqiyot banki qarzini;
- 69 mln AQSh dollari – loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston ulushini tashkil etadi.
Loyihada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 14ta kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 6ta professional ta'lim muassasalarida qurilish/ta'mirlash ishlarini, jumladan binolar va asbob-uskunalarni saqlab turish, ularga texnik xizmat ko‘rsatishni moliyalashtirish parametrlari tasdiqlanadi.
Shu bilan birga:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qarz maqsadli sarflanishi, loyiha samarali amalga oshirilishi, shuningdek, loyiha doirasidagi tadbirlarni umumiy muvofiqlashtirish bo‘yicha mas'ul ijro etuvchi organ;
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘z tasarrufidagi muassasalarda loyihani amalga oshirish bo‘yicha mas'ul organ sifatida belgilanmoqda.
Loyiha bilan «Zamonaviy iqtisodiyot uchun malakalarni rivojlantirish» loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, «Zamonaviy iqtisodiyot uchun malakalarni rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish doirasida Osiyo taraqqiyot banki imtiyozli qarzini qaytarish va foiz to‘lovlarini to‘lash prognoz jadvali tasdiqlanmoqda.
O‘zbekiston moliya vaziriga «Zamonaviy iqtisodiyot uchun malakalarni rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish uchun 93 mln AQSh dollari miqdorida Osiyo taraqqiyoti banki qarzini jalb etish uchun O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyoti banki o‘rtasida qarz bitimini O‘zbekiston nomidan imzolash vakolati berilmoqda.
Loyihaga kiruvchi obektlarda qurilish-ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish, energiya samaradorligini oshirish maqsadida isitish tizimini yangilash, shuningdek, loyiha doirasida binolar va asbob-uskunalardan foydalanish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti hisobidan amalga oshirilishi, Osiyo taraqqiyot banki qarzini so‘ndirish, ular bo‘yicha foizlar va majburiyat bo‘yicha boshqa to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.