Doimiy izlanishda – Toyota’ning «kelajak shahri»

Fan-texnika 15:28 / 07.03.2021 10195

Faqat Toyota xodimlari uchun

Toyota Motor korporatsiyasi tez va qat'iy tarzda o‘z unikal shahrini qurishga kirishdi. 2020 yilning yanvar oyida Fudziyama atroflarida Woven City «aqlli shahri» qurilishi haqida ilk xabarlar paydo bo‘lgandi. Bugungi kunga kelib, avtogigantning barcha istaklari mahalliy hukumat tomonidan tasdiqlandi va qurilish boshlandi.

«Biz kelib chiqishi turlicha bo‘lgan odamlar baxtli hayot kechiradigan kelajak yaratish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ydik. «To‘qilgan shahar»ning unsurlari inson uchun atalgan va jonli laboratoriya muttasil rivojlanib boradi. Toyota’ning «doimiy taraqqiyot» ma'nosini beruvchi «kayzen» ruhini yangi shahar meros qilib olajak», deydi Toyota Motor prezidenti.

Yapon korporatsiyasi yangi faoliyat turini – shaharlar qurishni o‘zlashtirishi darkor. Unga Nippon Telegraph and Telephone kompaniyasi hamkor bo‘ladi. Qurilish bilan esa, Toyota Woven Planet Holdings kompaniyalar guruhining Woven Alpha bo‘linmasi shug‘ullanadi.

Woven City kelajak shahri Toyota’ning Fudziyama etaklarida joylashgan sobiq zavodi yerlarida quriladi. 700 ming kvadrat metr joyda 7 ming nafar xodim ishlagan. 53 yillik faoliyatidan so‘ng korxona o‘tgan yil oxirida yopildi.

Woven City futuristik shahri innovatsion texnologiyalar uchun sinov poligoni bo‘ladi – eng yangi avtomobillardan to robototexnika va sun'iy intellektgacha. Ilk bosqichda shaharda faqat Toyota Motor xodimlari va ularning oilalarigina yashashadi.

Woven City’ning barcha ko‘chalari uch kategoriyaga ajratiladi: haydovchisiz transportlarga, velosiped minuvchi odamlarga va elektrda harakatlanuvchi shaxsiy ulovlar va piyodalarga. Barcha yuk tashuvchi transport vositalari yer ostida harakatlanadi.

Jahonning boshqa aksar aqlli shaharlari kabi Toyota Woven City ham faqat tiklanuvchi energiyadan – barcha binolar tomlaridagi quyosh panellaridan tortib to vodorod yonilg‘isi bo‘lmalarigacha foydalanadi. Qurilishning ilk bosqichiga 70 gektar yer ajratilgan bo‘lib, unda 2 mingdan ortiq odam yashashi va ishlashi uchun turar joylar quriladi. Tokiogacha masofa 100 kilometr bo‘ladi va shaharchaning barcha aholisi poytaxtga tez yetib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Solishtirish uchun: Senegalda qiymati 6 milliard dollarlik aqlli shahar qurilishi boshlab yuborilgan. 2020 yilning 31 avgustida taniqli R&B xonandasi Eykon (Acon) Senegal poytaxti Dakardan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan kelajak shahrining birinchi g‘ishtini qo‘yib bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: