Koronavirus kelib chiqishi haqida hisobot shu oy taqdim etiladi

Jahon 08:14 / 07.03.2021 3646

Xitoyda koronavirus pandemiyasining kelib chiqishini tadqiq qilayotgan halqaro inspeksiya o‘z hisobotini 15 martdan bir hafta o‘tib e'lon qiladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari ma'lum qildi.

«Hisobot ikki bosqichda e'lon qilinishi ko‘zda tutilgandi: dastlabki qisqa hisobot fevralda, keyin to‘lig‘i. Endi har ikkisi ham bir paytda omma hukmiga havola qilinadi.

«Ko‘plab a'zo davlatlar SARS-CoV-2ning kelib chiqish sabablarini o‘rganayotgan JSSTning qo‘shma hisobotini intiqlik bilan kutishayotganini bilaman. Albatta, o‘zim ham kutyapman. Jamoa so‘nggi va qisqa hisobot ustida ishlamoqda. Ular 15 martdan keyin e'lon qilinadi.

Hisobotlar tayyor bo‘lgach, biz mutaxassislar jamoasidan hisobotni ommaga e'lon qilishdan avval a'zo davlatlarga yetkazishlarini va sizlarni aniqlangan narsalardan boxabar qilishlarini so‘raymiz», degan JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus.

Koronavirus bilan zararlanishning ilk holatlari Xitoyning Uhan shahrida 2019 yilning dekabrida aniqlangandi. Xalqaro inspeksiya esa tekshiruvlarni 2021 yilning yanvarida boshladi va o‘tgan oy tugatdi.

Xalqaro olimlar guruhi ilk kasallanish holatlari qayd etilgan joylarni tekshirish uchun Uhanda to‘rt hafta ishladi. Mutaxassislar ushbu kasallik manbasi ko‘rshapalaklar ekani, boshqa sut emizuvchilar orqali insonga yuqqani haqida xulosaga kelishmoqda.

Uhanga borgan guruh virus manbasini aniqlay olmagan esa-da, mutaxassislar u shahardagi virusologiya laboratoriyasidan sizib chiqqan degan farazga ishonchsizlik bilan qarashmoqda.

Inspeksiya rahbarlari Jyenevaga qaytib kelgach, Tedros Gebreyyesus «barcha farazlar bo‘lishi mumkin» deb aytgan.

Yangi tadqiqot o‘tkazishni talab qilib yozilgan ochiq xat mualliflaridan biri jahon ahli endi koronavirusning kelib chiqishini bila olmasligini aytgan.

«Endi bir yil avvalgidek imkoniyatga ega emasmiz», deydi Avstraliyadagi Flaynders universitetining vaksinalar bo‘yicha mutaxassisi, payshanba kuni e'lon qilingan ochiq xatga imzo chekkan jahonning 26 mualliflaridan biri bo‘lgan Nikolay Petrovskiy.

Ochiq xatda JSSTning inspeksiya guruhi «to‘liq va cheklanmagan tekshiruv olib borish uchun erki, ovozi va huquqi yo‘q», deb aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: