Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Xitoyning «LINYI INVESTMENT GROUP» kompaniyasi rahbari Chen Min Chi bilan uchrashdi.
Toshkent viloyati hokimiyati axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, uchrashuvda 3ta investitsiya loyihasi muhokama qilingan.
O‘rta Chirchiq tumani hududida joylashgan, xalq tilida «Tashmore», ya'ni «Toshkent dengizi» deb ataluvchi Tuyabo‘g‘iz suv omborining 7 gektar maydonida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun dam olish maskani qurilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyihaning birinchi bosqichida 2,5 million dollar miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 100ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Qibray tumanidagi 36 gektar bog‘da ekoturizm loyihasini ishga tushirish muhokama qilingan. Qibray tumanining Chinobod hududida amalga oshiriladigan ushbu loyihaning qiymati 1 million dollar miqdorida bo‘lib, 50ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanida gazobeton ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish yuzasidan ham o‘zaro kelishib olingan. Ushbu loyiha doirasida xitoylik investorning «Guding Invest» kompaniyasi 6 million dollar investitsiya kiritgan holda 2 gektar maydonda gazobeton zavodini tashkil etadi.