Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «2021–2030 yillarda kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi joylandi.
Loyihaga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistonda kam ta'minlanganlik darajasini ikki barobarga qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Strategiya qisqa va o‘rta muddatlarda (2021–2025 yillarda) hamda uzoq muddatlarda (2026–2030 yillarda) amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Loyihada quyidagi maqsadli indikatorlarga erishish ko‘zlangan:
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» orqali kambag‘al aholining ijtimoiy himoyasini 2025 yilda 85 foizgacha, 2030 yilda esa 100 foiz yordam bilan qamrab olish;
- kambag‘al aholining ish bilan ta'minlashiga to‘liq erishish, bunda bosqichma-bosqich oshirish orqali yiliga 100 mingdan ortiq ehtiyojmand va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan fuqarolar uchun ish o‘rinlarini kvotalash;
- o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan kambag‘al aholi qatlamlarining 50 ming nafarini ro‘yxatga olish, faoliyatini boshlash, mehnat qurollari sotib olish va boshqa maqsadlar uchun subsidiyalar ajratish;
- kambag‘al aholi qatlamini kasb-hunar, xorijiy til va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish hamda tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha mikrokreditlar ajratish orqali faoliyatini boshlashi bilan 50 ming nafar kambag‘al aholi bandligini ta'minlash;
- kambag‘al oilalar farzandlarining maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasini o‘rtacha qamrov darajasidan oshirish, 2025 yilga borib 600 ming, 2030 yilga borib esa 800 ming nafar ehtiyojmand va kam daromadli oilalar farzandlariga o‘quv yili boshida bir martalik o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar sotib olishi uchun yordam pullarini ajratish, ehtiyojmand oilalar farzandlaridan 2 mingdan 5 ming nafarigacha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishiga ko‘maklashish;
- nogironligi bo‘lgan kambag‘al oilalar farzandlarining ijtimoiy himoyasi, ta'lim olishi va sog‘lig‘ini tiklash choralarini yanada kuchaytirishga e'tibor qaratish;
kambag‘al aholining sog‘liqni saqlash xizmatlaridan 100 foiz bepul foydalanishiga imkoniyat yaratish, maxsus reyestrlarga kiritilgan ehtiyojmandlardan 5 ming nafariga har yili sog‘lig‘ini tiklash va sog‘lomlashtirish maqsadida shifoxonalarga order va sihatgohlarga yo‘llanmalar ajratish.
Shuningdek, hujjatda uy-joyga muhtoj, og‘ir turmush sharoitlarida yashayotgan kambag‘al aholi qatlamlariga, birinchi galda xotin-qizlarning har yili 1 ming 500 nafarini uy-joy bilan ta'minlash, 10 ming nafarigacha ijara to‘lovlarini qoplab berish, kam daromadli oilalarning 20 ming nafariga arzonlashtirilgan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olishi uchun boshlang‘ich badal va subsidiyalar to‘lab berish nazarda tutilmoqda.
Qaror bilan yuqoridagi barcha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish orqali 2030 yilga borib kambag‘allik darajasini ikki barobarga qisqartirish belgilanyapti.
Loyihada keltirilishicha, strategiya BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, YUNISEF, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari, mahalliy ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari, vazirlik va idoralar tomonidan keng muhokama qilingan.
Strategiyada aholi bandligi borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijasida ishsizlik darajasini 2021 yil yakunida 10,5 foizga, 2025 yilda 8,5 foiz va 2030 yilda 7 foizga tushirishga erishish belgilangan.