O‘zbekiston dunyo iqtisodiy erkinlik indeksida 6 pog‘ona ko‘tarildi

Iqtisodiyot 12:27 / 04.03.2021 9894

«Heritage Foundation» tadqiqot markazi tomonidan Wall Street Journal bilan hamkorlikda «Iqtisodiy erkinlik indeksi-2021» hisoboti e'lon qilindi.

Unda O‘zbekiston 186ta mamlakat orasida 58,3 ball bilan 108-o‘rinni egallagani qayd etilgan. So‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakat reytingi 1,1 ballga yaxshilanib, 6 pog‘onaga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, oxirgi to‘rt yilda 44 ta o‘rin (152-o‘rindan 108-o‘ringa) yuqorilagan.

Iqtisodiy erkinlik indeksida respublika 12ta indikatorning 7 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, shu bilan 3 ta indikatorda pasaygan va 2 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar o‘zgarmagan.

Hisobot 2019 yilning 1 iyulidan 2020 yilning 1 iyuligacha bo‘lgan davrga oid ma'lumotlar bazasidan kelib chiqqan holda taqdim etilgan.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston reytingda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 40ta mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladi.

Mazkur dunyo reytingining eng yuqori 3 ta pog‘onasini Singapur (89,7 ball), Yangi Zelandiya (83,9 ball) hamda Avstraliya (82,4 ball) egallagan.

Eng quyi o‘rinlarda esa Kuba (28,1 ball), Venesuela (24,7 ball) va Shimoliy Koreya (5,2 ball) joylashgan.

Avvalroq, O‘zbekiston jahon mamlakatlarining farovonlik reytingida 5 o‘ringa ko‘tarilib 97-o‘rinni egallagani xabar qilingandi. Reytingda respublikaning eng zaif tomonlari sifatida ekologik muhit, shaxsiy erkinlik va davlat boshqaruvi samaradorligi keltirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: