DSQ Soliq nazorati metodologiyasi va sifatini baholash boshqarmasi boshlig‘i Aziz Hoshimovning buxgalter.uz’ga ma'lum qilishicha, tadbirkorlik sub'yektlariga shartnoma tuzishdan oldin kontragentda bitim bo‘yicha majburiyatlarni ijro etish uchun imkoniyat va resurslar mavjudligiga ishonch hosil qilish tavsiya etiladi.
«Faqatgina 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-son qarorning 10-bandi talab qilganidek kontragentning hisobga qo‘yilganligini tekshirish bilan cheklanish mumkin emas. Ko‘p buxgalterlar shu band bilan cheklanadilar va ehtiyotkorlikni namoyon qildik, deb hisoblashadi.
Lozim darajada ehtiyotkorlik qilish katta darajada tashkilot rahbariyati yoki bitim tuzishga vakolatli shaxslardan chiqishi kerak. Bu – butun kompleks chora-tadbirlar va kompaniyaning mansabdor shaxslarining izchil harakatlari. Kontragentni tekshirish yetarlicha va oqilona bo‘lishi kerak», – deydi u.
Aziz Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, har bir tashkilot kontragentlarni tekshirish yuzasidan o‘z tizimini o‘z faoliyati xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil ravishda ishlab chiqishi kerak.
Ta'kidlanishicha, quyidagilar hamkorning ishonchliligi va tadbirkorlik sub'yektining ehtiyotkorlik qilganligidan dalolat beradi:
- yetkazib berish shartlarini muhokama qilish va shartnomalarni imzolashda yetkazib beruvchi kompaniya va sotib oluvchi kompaniya rahbariyatining shaxsan bog‘lanishi;
- kompaniya-kontragent rahbarining hujjat bilan tasdiqlangan vakolati va uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasining mavjudligi;
- kontragentning, uning ombor, ishlab chiqarish yoki savdo maydonlarining joylashgan joyi to‘g‘risida axborot;
- kontragentlarni izlash va tanlashni qayd etish: saytlarga havolalar yoki bosma materiallar, aynan o‘xshash (o‘xshash) tovarlar va xizmatlar bozori ishtirokchilari, shu jumladan - ularni ancha arzon narxlarda taklif qiluvchilar to‘g‘risida foydalanish imkoniyati bo‘lgan axborot mavjud bo‘lganda kontragent to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olish usuli to‘g‘risida hujjatlarning mavjudligi;
• kontragentda shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun resurslarning mavjudligi (ishlab chiqarish quvvatlari, uskunalar, malakali xodimlar).
DSQ boshqarma boshlig‘ining ta'kidlashicha, «obnalchilar» masalasi yuzasidan murojaatlar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq ko‘rib chiqilmoqda.
Unga ko‘ra, zarurat bo‘lganda soliq organi o‘z vakolati doirasida vaziyatni aniqlashtirish uchun yetishmayotgan ma'lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilib oladi.
«Bitimni qonuniy va o‘zi bilan qo‘shimcha soliq oqibatlarini, shu jumladan – QQSni hisobga olish huquqidan mahrum qilishga olib kelmaydi, deb e'tirof etish uchun, u quyidagi mezonlarga to‘g‘ri kelishi kerak:
- haqiqiy, amalda bajarilgan bo‘lishi;
- bitimni yoki bevosita kontragent yoxud uning pudratchisi bajarishi kerak;
- bitimda shunchaki soliqlarda noqonuniy tejash vazifasi emas, balki ishbilarmonlik maqsadi bo‘lishi kerak.
Tegishincha, soliq to‘lovchi bitimning haqiqiyligi va qonuniyligini isbotlovchi barcha narsani taqdim etishi zarur», – deydi DSQ mas'uli.
Avvalroq, DSQ QQS to‘lashdan qochish «sxema»siga qarshi boshlagan kurashni «faqat gumon va mutlaqo quruq gap» yoki «barisi hech qanday isbot bilan tasdiqlanmagan faraz», deb atagan ekspertlar fikrlari asossiz, deya bayonot bergan edi.
Ma'lumot uchun, davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi korxonalar» faoliyatini cheklash mexanizmini ishga tushirib, dastlab 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgandi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingandi.