2020 yili O‘zbekistonda yuk o‘tkazish umumiy hajmi 1,3 milliard tonnani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mos davrga nisbatan 4,6 foizga ko‘p, shuningdek, jami transportlarda yuk aylanmasi hajmi 40,1 milliard tonnaga yetgan. Bu haqda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2 mart kuni o‘tkazilgan davra suhbatida ma'lumot berdi.
Shunga qaramay, O‘zbekiston transporti sohasida bir qator muammolar ham mavjud. Mutasaddining aytishicha, bular ayni paytda chegarada uzoq vaqt qolib ketayotgan yuklar, turli farqdagi og‘irlik va gabarit standartlarning amalda ekani, nazorat o‘tkazish punktlari ish vaqti cheklanganligi, xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarda xizmat ko‘rsatish sifati past ekani bilan bog‘liq.
«Bugungi kunda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 6,4 foizi transport xizmatlari sohasiga to‘g‘ri keladi. Umumiy investitsiyaning 7,4 foizi, xizmat ko‘rsatish sohasining 29,5 foizi ham transport ulushiga to‘g‘ri keladi. 2030 yilga borib, O‘zbekistonda yuk o‘tkazish hajmi 2,1 milliard tonna, sohaga yotqizilgan investitsiya esa 1,9 milliard dollarga yetishi kutilmoqda», — deydi Choriyev.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzining hajmi 2021 yilning 1 yanvar holatiga 21,1 milliard dollar yoki YaIMga nisbatan 36,5 foizni tashkil etdi. O‘tgan yili jami davlat tashqi qarzining 17,5 foizi yoki 3,7 milliard dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga sarflandi. Xususan, 2,4 milliard dollar transport va transport infratuzilmasiga yo‘naltirilgan.