O‘zgaruvchan iqlim sharoitining hosildorlikka ta'siri bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bor. Xususan, «Xitoyda iqlim o‘zgarishi, tavakkalchilik va don hosildorligi» tadqiqotida mintaqadagi ob-havoning o‘zgarishi Xitoyda don yetishtirishga ta'sirining tahlili keltirilganda, o‘rtacha yillik haroratning 1 darajaga ko‘tarilishi g‘alla hosilini 1,45 foizga kamaytirishi mumkinligi, yog‘ingarchilik miqdori taxminan 100 mm.ga ko‘payishi mamlakat g‘alla hosilini 1,31 foizga oshirishi mumkinligi qayd etilgan.
Yoki Rossiyaning quruq dasht zonalarida o‘rtacha yillik yog‘ingarchilikning 1 mm.ga ko‘payishi (boshqa hamma narsa teng) donli ekinlar (bug‘doy, javdar) hosildorligi 0,825 foizdan oshishiga olib kelishi isbotlangan.
Mintaqaviy ekologik markaz tomonidan o‘tkazilgan «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish faoliyatini tahlil qilish» tadqiqotlariga ko‘ra, 2030 yilga qadar mintaqada o‘rtacha havo harorati va yog‘ingarchilik mos ravishda 1,2 daraja va 2 foizga oshishi prognoz qilingan.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mintaqasida suv zaxiralarining 90 foizdan ortig‘i sug‘oriladigan dehqonchilikka sarflanishi va rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, noqulay ob-havo va iqlim sharoitidan kelib chiqadigan zararning 70 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelishi tasdiqlangan.
Umumiy iqtisodiyotda har qanday narx o‘zgarishini uchta tarkibiy qism bilan izohlash mumkin:
- narx o‘zgarishi uzoq muddatli tendensiyalar ta'sirida sodir bo‘ladi;
- narxlar mavsumga qarab o‘zgaradi (mavsumiy narx o‘zgarishi);
- bir martalik voqealar ta'sirida narx o‘zgarishi.
Tahlillarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi tendensiya bo‘yicha 80-85 foizga, mavsumiy ravishda 10-12 foizga va shok voqealar ta'sirida 4-6 foizga o‘zgarishi qayd etilgan.
Shuningdek, mavsumiy ob-havo ham ekinlarning turiga qarab ta'sir o‘tkazadi. Qishdagi yog‘ingarchilik bug‘doy yetishtirishga, bahordagi yog‘ingarchilik qovun yoki ko‘pchilik poliz ekinlari hosildorligiga ta'sir ko‘rsatadi.
Umumiy kuzatuvlarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi o‘zgarishi 77 foiz holatda (xususan, yog‘ingarchilik miqdori 20 foiz, nisbiy namlik 17 foiz, shamol tezligi 16 foiz, o‘rtacha havo harorati 13 foiz, suv tanqisligi 11 foiz) ob-havo sharoitidagi g‘ayritabiiy o‘zgarishlarga bog‘liq hisoblanadi. 23 foiz holatda esa ob-havo sharoitidan tashqari boshqa omillar bilan izohlanadi.
Mevalar narxi o‘zgarishiga nisbiy namlik va shamol tezligi katta ta'sir ko‘rsatsa, yog‘ingarchilik miqdori va havo namligi sabzavotlar narxlaridagi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Ob-havo sharoitining un narxiga ta'siri haqidagi ma'lumotlarni o‘rganib chiqib, quyidagi xulosalarga kelish mumkin: eng ko‘p darajada narxlarga o‘rtacha havo harorati (24,8 foiz) va yog‘ingarchilik miqdori (23,8 foiz) ta'sir qiladi.
Sholi yetishtirishda iliq iqlim sharoiti, ko‘p sug‘orish va namlik muhim hisoblanadi. Shunday qilib, muhimlik darajasiga ko‘ra, nisbiy namlik (25,4 foiz), havo harorati (24 foiz) va daryolardagi suv resurslari (17,7 foiz) eng ko‘p ustunlik beradigan omillar hisoblanadi.
Ob-havo sharoitining mol go‘shti narxiga ta'siri to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita hisoblanadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, shamol tezligi (32,4 foiz) va o‘rtacha havo harorati (19,3 foiz) mol go‘shti yetishtirishda muhim hisoblanadi.
Umuman olganda, talab boshqa mahsulotlarga nisbatan kamroq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (lavlagi, loviya, sabzi) narxlarining o‘zgarishi barqaror va ob-havoning ta'siri kam hisoblanadi, ya'ni har qanday ob-havo sharoitidan qat'i nazar, o‘z narxlarini ushlab turish xususiyati mavjud.
Shunga asoslanib, ob-havo sharoitining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlariga ta'sirini minimallashtirishga, shu jumladan, ularning mavsumiy tebranishini yumshatishga yordam beradigan issiqxona iqtisodiyotini kengaytirish va saqlash tizimini takomillashtirish maqsadga muvofiqdir.
Avvalroq, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi dehqonlar, fermerlar va mutaxassislar fevral oyidagi qor sabab bodom, o‘rik va gilos mevalarining hosilni yo‘qotish xavfi qandayligi to‘g‘risida fikrlarini bildirishgandi.
Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiylari joriy yilda suv ta'minoti me'yoridagi ko‘rsatkichga nisbatan 25 foizga kam bo‘lishini ta'kidlashgan.