Davlat soliq qo‘mitasi Yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bosh inspektori Xursandbek Bekmetov notijorat tashkilotlarning qanday hollarda foyda solig‘idan ozod etilishini izohladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Soliq kodeksining 294-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, mamlakatda faoliyatini doimiy muassasalar orqali amalga oshiradigan, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari foyda solig‘i to‘lovchilari, deb e'tirof etiladi.
Soliq kodeksining 48-moddasida nazarda tutilgan talablar bajarilishi sharti bilan olingan grantlar, insonparvarlik yordami va maqsadli tushumlar daromad sifatida hisobga olinmaydi».
Soliq kodeksining 48-moddasida «maqsadli tushumlar» atamasiga izoh berilgan.
Maqsadli tushumlar – notijorat tashkilotlarni ta'minlash va ularning ustavda belgilangan faoliyatini yuritishga yo‘naltirilgan tushumlar (aksiz to‘lanadigan tovarlar tarzidagi tushumlar bundan mustasno) davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida bepul kelib tushgan, shuningdek, boshqa yuridik va (yoki) jismoniy shaxslardan kelib tushgan, mazkur oluvchilar tomonidan maqsadli foydalaniladigan tushumlar maqsadli tushumlarga kiradi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 48-moddasi 6-bandida notijorat tashkilotlarni ta'minlash va ularning ustavda belgilangan faoliyatini yuritishga yo‘naltirilgan maqsadli tushumlar ro‘yxati keltirilgan.
DSQ bosh inspektori daromad olish maqsadiga ega bo‘lmagan, daromadlarni yoki mol-mulkni ishtirokchilari (a'zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan notijorat tashkilotining qanday daromadlariga soliq solinmasligini tushuntirgan.
Unga ko‘ra:
– notijorat tashkilotlarining ta'minoti va ushbu Kodeksning 48-moddasida ko‘rsatilgan ustav faoliyatini amalga oshirishi uchun maqsadli tushumlar;
– kursdagi ijobiy farq summasining kursdagi salbiy farq summasidan ortiq qismi;
– aholining diniy maqsadda foydalanishi uchun mo‘ljallangan tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga foyda solig‘i solinmaydi.