Tadbirkorlar uchun tekshiruvlar bo‘yicha onlayn ma'lumot olish imkoniyati yaratildi

Iqtisodiyot 16:28 / 01.03.2021 3854

Tadbirkorlar o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha «biznesvakil.uz» sayti orqali yoki telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Tekshiruv info bot» yordamida korxona STIRini so‘rov shaklida yuborish orqali ma'lumot olishi mumkin.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlar uchun o‘tkaziladigan tekshirishlar bo‘yicha onlayn ma'lumot olish imkoniyati joriy etildi.

Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, bu xizmatdan foydalanish uchun tadbirkorlar «biznesvakil.uz» saytiga kirgan holda yoki telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Tekshiruv info bot» yordamida korxona STIRini so‘rov shaklida yuborish orqali ma'lumot olishi mumkin.

Tadbirkor tomonidan yuborilgan so‘rov Tekshirishlarni yagona ro‘yxatga olish tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, real vaqt rejimida yuborilgan STIR bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etadi. Ushbu xizmatlar barcha foydalanuvchilarga bepul shaklda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 27 iyulda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida tadbirkorlik sub'yektlariga o‘z so‘rovlariga ko‘ra o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni qisqa xabar (sms) ko‘rinishida hamda real vaqt rejimida Internet tarmog‘i orqali olish imkoniyatini berish vazifasi berilgan edi.

Yangi ishlab chiqilgan «Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida tadbirkorlik sub'yektlariga tekshiruv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishning yangicha mexanizmlari ko‘rib chiqilgandi.

Qonun loyihasida davlat organlari tomonidan tadbirkorlarni nazorat qilishning aniq 4 xil shakllari: nazorat tadbirlari, monitoring, statistika va boshqa axborotlarni tahlil qilish va tekshiruvlarni o‘tkazish belgilab berilgan.

Avvalroq, tadbirkorlik faoliyatini nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat funksiyalarining ro‘yxati shakllantirilishi xabar qilingandi.

Shuningdek, 2021 yilning oxirigacha Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi va kodeksda tadbirkorlikka oid litsenziyalash, ruxsatnoma berish, yer ajratishga doir masalalar ham aniq tartibda belgilab berilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda tadbirkorlik sub'yektlarida 52 mingdan ortiq tekshiruvlar o‘tkazilgan. Pandemiya bo‘lishiga qaramay, bu ko‘rsatkich 2019 yildagi tekshiruvlar soniga nisbatan atigi 10 foizga qisqargan xolos.

Ko‘proq yangiliklar: