Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi

O‘zbekiston 09:00 / 25.02.2021 3430

Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibini joriy etish to‘g‘risida” qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, hozirgi kunda yoshlar tomonidan xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoq kundan kunga ortib bormoqda. O‘z navbatida, mamlakatda xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 395-son “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish bo‘yicha ma'lum darajaga ega bo‘lgan fuqarolarga oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlarida tegishli fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

Shuningdek, prezidentning 2020 yil 3 dekabrdagi PQ-4910-son “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, chet tili va fanlarni bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilarga akademik litseylarga kirish test sinovlarining fanlar majmuasiga kiritilgan mos chet tili va fanlardan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.

Qaror loyihasi yoshlarning chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirish va bu bilan ta'lim sohasidagi islohotlarni bardavom etish maqsadida ishlab chiqilgani aytiladi.

Qaror loyihasi bilan xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berishning ma'muriy reglamentini va imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinadigan xalqaro imtihon tizimlari ro‘yxatini tasdiqlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, qaror loyihasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qaror loyihasida belgilangan imtihon turlaridan yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarining to‘liq qoplab berilishi, buning uchun ariza beruvchilar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: