“Issiqlik elektr stansiyalari” transformatsiya jarayonlarida xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda

O‘zbekiston 17:20 / 25.02.2021 4243

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi PF-6079-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2022 yillarda tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturi” hamda davlat rahbarining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida korxonalarda moliyaviy, iqtisodiy va tashkiliy jarayonlarni raqamlashtirish, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha transformatsiya ishlarini olib borish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonlarni jadallashtirish, sohaga jahonda tan olingan kompaniyalar tajribasini joriy etish maqsadida “McKinsey&Company” xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

“McKinsey&Company” ekspertlari ayni paytgacha “Navoiy IES” AJ va “Toshkent IES” AJda bo‘lib boshqaruv hamda moliya-iqtisod jarayonlarini tahlil etishdi.

– Ayni jarayonlarda oldimizda turgan muhim vazifalar sifatida korxonalarimizni moliyaviy sog‘lomlashtirish, transformatsiya va raqamlashtirish, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlarni o‘z muddatlarida ijrosini ta'minlash, – deb ta'kidlaydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov. – Natijada sohaga korporativ boshqaruvning yetakchi mexanizmlarini joriy etish, elektr energetikasi sohasining erkin va shaffof bozorini shakllantirish vositasida xalqaro reytinglarga erishish.

Hamkorlikda olib borilayotgan ishlar natijasida korxonalarni raqamlashtirish va transformatsiya qilish, samarasiz xarajatlarni kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va elektr energiyasi bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish borasida optimal loyihalar ishlab chiqilib amaliyotga joriy etiladi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: