26ta texnik reglament YeOII davlatlarida qabul qilingan reglamentlarga moslashtirilib, qayta ishlab chiqiladi

Iqtisodiyot 16:50 / 25.02.2021 6687

«O‘zstandart» agentligi huzuridagi departament boshlig‘i Zoirjon Omonov Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarida amalda bo‘lgan texnik reglamentlarni respublikada ishlab chiqish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Mutaxassisning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish sohasida 52ta texnik reglamentlar qabul qilingan bo‘lib, shundan 12tasi maxsus reglamentlar hisoblanadi.

«Agar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlaridagi reglamentlar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, ularda 48ta reglament mavjud. Hozirgi kunda respublikada 26ta reglament YeOII davlatlarida qabul qilingan reglamentlariga mosligi solishtirib chiqilib, ularni qayta ishlab chiqish bo‘yicha qaror qabul qilingan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘zstandart» agentligi vakilining ta'kidlashicha, bundan asosiy maqsad O‘zbekiston maxsulotlarini YeOII talablariga moslashtirishdir. Agar texnik reglamentlar ittifoq davlatlaridagi reglamentlarga mos kelmasa, respublika mahsulotlari YeOII davlatlarida raqobatbardoshligini yo‘qotib qo‘yadi. Departamentning asosiy maqsadi texnik reglamentlarni kuchaytirib, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va korxonalarda ularni joriy qilish hisoblanadi.

2020 yil 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining videoanjuman shaklidagi sammitida O‘zbekiston va Kubaga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi.

Bundan avvalroq, 2021 yilda YeOIIga a'zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me'yorlari, ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlar jadallashtirilishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: