23 fevral kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Singapurning Indorama kompaniyasi direktori Prakash Kejrival bilan uchrashuv o‘tkazdi. Vazirlik matbuot xizmati ma'lum qilishicha, uchrashuv davomida Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy maydoni 100 ming gektarga yaqin paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish loyihasi muhokama qilingan.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida yigiruv ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Qo‘qon superfosfat zavodini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish haqida fikr almashilgan.
Xorijiy investor Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida logistika markazi va mashina-traktor parkini qurish orqali yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarish obektlarining texnik bazasini kengaytirish hamda Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida paxtani qayta ishlash bo‘yicha yangi korxona tashkil etish yuzasidan rejalarini ma'lum qilgan.
Ma'lumot uchun, yildan yilga O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlarining eksporti ko‘paymoqda. Xususan, 2020 yilda 70ta xorijiy davlatga qiymati 1,9 milliard dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan. Taqqoslash uchun, 2019 yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 295,3 million dollarga ko‘proqdir.
Shuningdek, 2020 yilda qiymati 459,3 million dollarga teng bo‘lgan tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksport qilingan.