Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) prezidenti Tszin Litsyun o‘rtasida videokonferensiya shaklida qo‘shma loyihalarning bugungi holati, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati.
Joriy yilning yanvarida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston delegatsiyalaridan iborat uch tomonlama ishchi guruhining yig‘ilishi OIIB tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. «Mozori Sharif – Kobul – Peshavor» trans-afg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilgan.
Muzokaralar chog‘ida umumiy qiymati 930 million dollardan ko‘proq bo‘lgan amaldagi va ishlab chiqilayotgan loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilingan. Xususan, Buxoro viloyatida suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Mazkur loyihaning joriy etilishi natijasida Buxoro viloyatining 1,1 milliondan ortiq aholisi ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi va 100 mingga yaqin kishi markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulanadi.
Infratuzilmaviy qurilish, sog‘liqni saqlash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va boshqa sohalarni rivojlantirish uchun umumiy qiymati 2,1 milliard dollarlik mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda eksport qiluvchi tadbirkorlar hamda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi bandligini oshirish bo‘yicha dasturlarni moliyalashtirish uchun bankdan qo‘shimcha mablag‘ jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
- Avvalroq, Investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l loyihasini amalga oshirish hozirgi asrda uch mamlakat uchun «yangi davr va eng muhim voqea» bo‘lishini ta'kidlagandi.
- Xalqaro moliya institutlari «Mozori Sharif-Kobul-Peshovar» temir yo‘l qurilishi loyihasini chuqur iqtisodiy-ilmiy tahlil qilish kerakligini ta'kidlagan. Bu temir yo‘l yo‘nalishining aksariyat qismi tog‘li hududlardan o‘tgani bilan izohlangan.