«Obnalchi»lar taqdiri nima bo‘ladi? - DSQ raisi Sherzod Kudbiyev uchrashuvidan reportaj

Iqtisodiyot 16:27 / 24.02.2021 35367

Davlat soliq qo‘mitasining raisi, rais o‘rinbosarlari, mas'ul departament direktorlari 23 fevral kuni «obnalchilar» mojarosi yuzasidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi.

Unda DSQ raisi Sherzod Kudbiyev masala yuzasidan tadbirkorlar tomonidan so‘ralgan «moliyaviy amnistiya» qo‘llanilishiga doir ayrim mulohazasini bildirdi.

«Agar tadbirkor DSQga ariza bilan murojaat qilsa, biz arizani ko‘rib chiqamiz va to‘lanmagan QQS summasini to‘lash uchun «obnalchilar» bilan ishlagan tadbirkorlarga olti oylik amnistiya beriladi. Ya'ni to‘lanmagan soliqni hisoblab, olti oy muddatga teng bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari, 1 aprelgacha «obnalchi» korxonalar bilan ishlagan tadbirkorlar o‘z istagi bilan to‘g‘ri hisobot topshirsa, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Shuningdek, soliq tartibini buzgani uchun  20 foizlik jarima ham qo‘llanilmaydi. Agar shunga kelishsak, men bu haqda axborot tayyorlayman, yuristlar ko‘rib chiqadi. Bu qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish va Oliy Majlis deputatlari roziligi bilan amalga oshadi»,– dedi qo‘mita raisi.

y1JHVJYdcqXtqqr-QZtWu141GQTdR4Gs.jpg (1280×853)
DSQ raisi Sherzod Kudbiyev

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, olti oylik amnistiya davrida ham hisoblangan QQS summasini to‘lay olmagan tadbirkorlik sub'yektlariga inkasso topshiriqlari qo‘yilishi ma'lum qilingan.

Shuningdek, muloqotda ishtirok etgan tadbirkorlardan biri olti oylik muddat hisoblangan soliq qarzlarini to‘lashga yetarli emasligini, sababi unda 7 ta korxonasi borligi, amnistiya to‘lanmagan summaga nisbatan belgilanishini taklif etgan. DSQ raisi tomonidan muddat faqat 6 oyligini, hali o‘rtada jinoiy ish ochmaslikka harakat ketayotgani bildirildi.

Tadbirkorlar bilan suhbat davomida shubhali korxonalar ro‘yxati e'lon qilinmagan davr uchun «obnalchilar» bilan ishlagan tadbirkorlar javobgar bo‘layotganiga ham izoh berildi.

«Soliq idoralari shubhali korxonalar ro‘yxatini ko‘rsatib berishga majbur emas, bu hech qayerda yozilmagan. Soliq to‘lovchining o‘zida, 2020 yil 1 yanvardan soliq kodeksi amalga kirgandan beri  ehtiyotkor bo‘lish majburiyati bor. Shu sababli to‘lanmagan QQSni undirish shubhali korxonalar ro‘yxati e'lon qilingan davrdan keyin amal qiladi, degan gap o‘tmaydi. Tadbirkor o‘z hamkori haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lib, ehtiyotini qilib ishlashi kerak», – dedi Kudbiyev.

DSQ raisi davlat ulushi bo‘lgan «obnalchi» korxonalar bilan ishlagan davlat korxonalariga ham to‘xtalib o‘tdi. 

«206 ta milliard-milliard QQS to‘lamagan davlat korxonalari bor, bularni ham e'lon qilamiz. Tan olishimiz kerak, ularni avvalroq e'lon qilmaganimiz bizning xatomiz bo‘ldi», – dedi DSQ mas'uli suhbat jarayonida.

Qo‘mita raisi Kudbiyev DSQ tomonidan kameral tekshiruv davomida «obnalchi» korxonalar bilan ishlagan tadbirkorlik sub'yektlarining  «obnaldan» boshqa iqtisodiy xatti-harakatlari tekshirilmasligi ta'kidlandi.

«Huquqiy maydonda gaplashaylik, xato qilgan bo‘lsak, tan olaylik. 10 tadan bitta tadbirkor STIRni aytmayapti-ku, ular  tekshirishdan qo‘rqadimi? Masala «obnal» tufayli soliq yechilganida emas, naqdga sotib olish qiyin bo‘lganligida, nohalollar yutib ketayotganida. Bu masalaga ham kelamiz hali. Sizga shaxsan va'da beraman, tekshiruv jarayonida sizning boshqa kirdikorlaringiz o‘rganilmaydi, faqat «obnal» qismi ko‘riladi. Bundan keyin halol ishlaylik», – dedi u.

Avvalroq, shu paytgacha «obnalchilar» xizmatidan foydalangan 206 ta davlat ulushiga ega tashkilot (120 ta davlat korxonasi (47,3 mlrd so‘m) va 86 ta davlat ulushi mavjud (48,1 mlrd so‘m) aniqlangani xabar qilingan edi.

Shuningdek, 2021 yil fevraldan DSQ tomonidan «obnalchi» firmalar bilan kurash boshlangani, «obnalchilar» mojarosi yuzasidan tadbirkorlar noroziligi va soliq xavfi past bo‘lgan 2960 ta korxonaga nisbatan inkasso topshiriqlari vaqtincha bekor qilingani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: