«Vahimaning ko‘zlari katta bo‘ladi» - Shahnoza Soatova o‘zbek-lotin alifbosiga o‘tish kechikayotgani haqida

O‘zbekiston 17:12 / 23.02.2021 9242

Filolog, bloger Shahnoza Soatova YouTube'dagi «Ular» loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. Intervyu davomida u bir nechta mavzular qatori o‘zbek-lotin alifbosiga o‘tish masalasida ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Avval boshdan alifboni nega o‘zgartirganmiz? Buni hech kim rad etmaydi, bunda siyosiy motivlar rol o‘ynagan. Talaba bo‘lgan paytlarimizda ustozlarimizdan nimaga o‘tyapmiz, deb so‘raganmiz. Darsda bo‘lmasa-da, keyin aytishardi: «Biz dunyoni o‘zbekcha anglashimiz, sovetcha tafakkurdan qochishimiz kerak. Hamma narsamiz o‘zgarishi, dunyoga chiqishimiz kerak». Bu – albatta siyosiy motiv va bugun ham bu narsa turibdi.

Bundan tashqari, biz lotin yozuviga o‘tishni qonun darajasida qabul qilib qo‘yganmiz. Qonun bo‘lgandan keyin esa bajarilishi lozim. Bu borada boshqa nima bahs bo‘lishi mumkin.

O‘zbek-lotin alifbosidagi asosiy muammo – diakritik belgilar ishlatilishi («o‘» va «g‘» harflarida) hamda qo‘shharflar masalasi («sh» va «ch»). Buni ikki yilcha avval jiddiy bahs qilganmiz, asosiy muammo texnik jihatlarga borib taqaladi. O‘zbek tilining korpusi, elektron lug‘atlar, tezaruslarni yaratish haqida gapiryapmiz, lekin «o‘» va «g‘» harflaridagi diakritik belgi so‘zni ikkiga bo‘lib tashlayapti. Natijada elektron musahhih uni ikki so‘z deb qabul qiladi, elektron musahhih to‘liq ishlamaydi.

Biz bugun butun dunyo hal etib qo‘ygan texnik masalani ham qabul qilmay, muammo atrofida aylanib yuribmiz.

Ikki yoki to‘rtta harf o‘zgargani savodga katta ta'sir qilmaydi deb hisoblayman. Asosiy jihati – o‘zbek-lotin yozuvida o‘qish malakasining kamligi. Amaliyotda juda kam ishlatiladi. Masalan, bola darsliklarda lotincha o‘qib chiqqan bo‘lsa ham, keyingi jarayonlarda, OAVda, kitoblarda ko‘pincha kirilldan foydalanadi. Lotinchadagi matnlarni ko‘paytirsak va o‘qiyversak, kimgadir bir oy, kimga 6 oy ichida ko‘nikish orqali bu narsa o‘tib ketadi. Chunki boshqa davlatlar o‘tdiku.

Alifbo islohoti masalasi ko‘tarilgan paytda ko‘pchilikda shunday fikr bo‘ldi: «Hozirgi ahvolimiz shundoq ham ayanchli, na kirillda qolyapmiz, na lotinga to‘liq o‘tyapmiz, ustiga ustak lotin alifbosidagi 4 ta harfni o‘zgartirish xalqni bundanda battar savodsizlashtirmaydimi?»

Men aytamanki, vahimaning ko‘zlari katta bo‘ladi. Biz o‘zgarishlardan qo‘rqamiz. Fikrlashib o‘tirsak-u, bajarib ko‘rmasak, vahimali ko‘rinaveradi. Tezda bajariladigan ishni qilmaslik ham bizni orqaga tortadi. Lotinchaga o‘tishdagi muammolar ham shundaki, biz ortiqcha mushohada qilib yubordik, amalda esa hech narsa yo‘q.

Har to‘rt yilda darslik almashsa, keyingi nashrda yangi harflar qo‘llansa, undan bunga tez-tez o‘tib ketilaveradi. To‘g‘ri, xato qilishi mumkin. Lekin o‘tmasdan yuraversak, noqulay alifboda turaversak, hech kim o‘tmaydi. Noqulay alifboda hech kim yozgisi ham kelmaydi.

Tasavvur qiling, kirillda sizga tayyor korrektor turibdi, bir tovush uchun bir harf bosasiz va ishingiz oson bityapti, shunday holatda sizga lotin yozuvi maftunkor ko‘rinmaydi-da.

Yangi zamonning yangi muammolari kelganda yana muammolar ko‘paymasligi uchun tezroq o‘tilishi kerak», – deydi Shahnoza Soatova.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati bundan ikki hafta oldin lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatdagi barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e'lon qilish amaliyoti to‘liq joriy qilinadi.

Shu bilan birga, lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi ham isloh qilinadi. Alifbodagi kamida ikkita harf – diakritik belgili «o‘» va «g‘» harflari o‘zgarishi kutilmoqda.

Ikki yil oldin, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruh alifboni isloh qilish bo‘yicha yakuniy xulosasini e'lon qilgandi. Unda «o‘», «g‘», «sh», «ch» harflari shaklini o‘zgartirish, «ng» harfini alifbodan chiqarish, «c» (ts) harfini alifboga kiritish taklifi ilgari surilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: