O‘zbekistonda koronavirusga qarshi birinchi navbatda emlanadiganlar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekiston 13:53 / 23.02.2021 17536

22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevning aholini koronavirusga qarshi emlash borasida rejalashtirilayotgan ishlarga oid axboroti tinglandi. Yig‘ilishda koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi ma'lum qilingan.

«Parlament eshituvida xalq vakillari keksa va nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ya'ni «Temir daftar»ga kiritilgan va nogironligi hamda surunkali kasalliklari bo‘lgan shaxslar, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini birinchi navbatda emlash ishlarini tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan taklifni ilgari surdilar.

Deputatlar ta'kidlaganidek, ayni kunlarda koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxatiga jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari hamda jamoat transporti xodimlari, shuningdek chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari ham kiritilganligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur ro‘yxatni adolatli tarzda qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda. Mazkur masala yuzasidan xalq vakillari tomonidan Hukumatga bir qator takliflar berildi», deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.

Xalq vakillarining hududlardagi faoliyati doirasida koronavirusga qarshi emlash ishlarining tashkil qilinish jarayonlari ustidan ham ta'sirchan parlament nazorati o‘rnatilishi aytib o‘tilgan.

  • Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov ma'lumotlariga ko‘ra, jurnalist, bloger, OAV xodimlari, jamoat transporti xodimlari (metropoliten, temir yo‘l, aeroport xodimlari), chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, mehnat migrantlari ketma-ketlikda, bepul emlanishi haqida xabar berilgan edi.
Ko‘proq yangiliklar: