UZEX birjasi matbuot kotibi Hikmatilla Tillaboyevning Kun.uz muxbiriga bildirishicha, savdoning oxirgi daqiqalarida birjadagilar avtoraqamlar narxini sun'iy oshirishga urinishlari haqida mish-mishlar tarqalmoqda, ko‘p savollar kelib tushmoqda. Bu gaplar yolg‘on. Chunki tizimda inson omili ishtirok etmaydi.
«Birjaning avtoraqam.uzex.uz veb-sayti bo‘yicha ko‘p savollar kelib tushadi. Savdo vaqtining oxirgi daqiqalarida hech kim o‘zining talabnomasini bermayotgan paytda yangi talabnomalar paydo bo‘lishi ataylab narxni oshirish uchun qilinadi, degan gaplar ham bor. Biz buni inkor etamiz. Chunki veb-sayt mutlaqo shaffof va avtomatlashtirilgan tizimda ishlaydi. Bu yerda inson omili ishtirok etmaydi.
Barcha savdo ishtirokchilari haqiqiy. Ya'ni kimda-kim savdoga eng so‘nggi paytda narx berayotgan bo‘lsa, demak bilingki, u yerda haqiqatan savdo ishtirokchisi bor. Balki u ishtirokchi oxirgi soniyalarni kutib turgan bo‘lishi ham mumkin.
Ikkinchi tomondan, narxlarni sun'iy ravishda oshirish mumkin emas. Chunki savdo ishtirokchilarining hammasi savdoda ishtirok etish uchun o‘zining 10 foiz miqdordagi garov mablag‘larini kiritishi kerak. Mabodo mana shu savdo ishtirokchisi sun'iy ravishda narxni oshirib kelyapti, deb tasavvur qilaylik va u g‘olib bo‘ldi.
Natijada u avtoraqamni sotib olishi kerak. Ya'ni o‘zining barcha moliyaviy majburiyatlarini bajarishi lozim. Bajarmasa uning 10 foizlik mablag‘i jarima sifatida undiriladi.
Bundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, bu savdo ishtirokchisi uchun juda katta xavfdir. Shuning uchun sun'iy ravishda narxlarni oshirish mumkin, degan gaplarni noo‘rin deb bilaman», – dedi u.
Shuningdek, Tillaboyev Samarqandda sotilgan va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «777» avtoraqami savdosi bo‘yicha ham ma'lumot berdi.
«Yaqinda Samarqandda uchta yetti raqamli avtoraqam sotildi. Keyinchalik xaridor uni oxirigacha rasmiylashtirmadi. Ya'ni o‘zining moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan va mos ravishda yuqorida aytib o‘tganimdek, uning 10 foizlik garov mablag‘lari jarima sifatida undan undirilgan.
Mos ravishda tartibga ko‘ra, birinchi g‘olib o‘zining sotib olgan raqamidan voz kechadigan bo‘lsa, ikkinchi g‘olibga beriladi. Ikkinchi g‘olib ham rad etsa, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan ushbu raqam yana qayta boshlang‘ich narx bilan savdoga qo‘yilishi mumkin», – dedi matbuot kotibi.
Avvalroq, Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lgan 30 Z 777 ZZ avtoraqami onlayn savdolarda 596 million 525 ming so‘mga sotilgani xabar qilingandi.
Keyinchalik auksion g‘olibi belgilangan summani to‘lay olmagan. Natijada avtoraqam yana qayta sotuvga qo‘yilgan.