Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga davlat budjetidan transfertlar ajratish 2019 yildan boshlandi. Bungacha tashkilot o‘z xarajatlarini qoplab kelgan va davlatdan transfert, subsidiya yoki datatsiya kabi yordamlar olinmagan. 2020 yil holatiga jamg‘armaga 9,1 trillion so‘m transfert ajratildi. Xo‘sh, uzoq yillar o‘z xarajatlarini qoplab kelgan tashkilotga nega endi davlatdan mablag‘ ajratilmoqda? Avvalgi holat qanday edi va hozir qay tarzda ishlanmoqda?
2019 yil 1 yanvargacha jamg‘arma 4 ta yirik soliq manbaiga ega bo‘lgan
Pensiya jamg‘armasining daromad va xarajatlarni prognozlashtirish bo‘lim boshlig‘i Abror Xolmatovning Kun.uz’ga bildirishicha, 2019 yil 1 yanvarga qadar jamg‘arma 4 ta yirik soliq manbaiga ega bo‘lgan.
Birinchi navbatda – yagona ijtimoiy to‘lov. U bugun ham bor, lekin ijtimoiy soliq deb nomlanadi. 2018 yilda yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foiz, mikrofirma fermer xo‘jaliklari uchun 15 foiz qilib belgilangan.
Ikkinchidan, fuqarolar ish haqidan ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bo‘lgan. Bu ham to‘g‘ridan to‘g‘ri jamg‘arma mablag‘lari daromadlari hisobiga shakllangan.
Uchinchidan, korxona va tashkilotlar tomonidan budjetdan tashqari jamg‘armalar aylanmasidan to‘lanadigan majburiy ajratma bo‘lgan. Umumiy korxona ajratmasi 3,2 foiz bo‘lib, Pensiya jamg‘armasiga 1,6 foizi ajratilgan.
To‘rtinchidan, 2019 yil 1 oktyabrga qadar jamg‘arma yagona soliq to‘lovi mavjud bo‘lgan. Uning miqdori 5 foiz qilib belgilangan. Korxonalar aylanmasidan 5 foiz jamg‘armaga to‘lab berilgan.
Jamg‘arma daromadlari qisqarish sabablari haqida
2018 yil 29 iyunda prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Pensiya jamg‘armasi daromad manbalari qisqartirildi.
Qarorga asosan, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to‘lovni 25 foiz miqdorida, boshqa yuridik shaxslar uchun ushbu to‘lov stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirish belgilandi.
Mazkur soliq stavkasining kamayishi natijasida Pensiya jamg‘armasi 2019 yilda 4 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘qotgan. Korxonalar jamg‘armaga 2018 yilgacha 25 foiz miqdorda to‘lab kelgan soliqni 2019 yildan boshlab 12 foizdan to‘lamoqda.
Fuqarolardan ushlab qolinadigan 8 foizlik sug‘urta badallari 2019 yil 1 yanvardan boshlab bekor bo‘lgan. Buning natijasida jamg‘armaning 5 trillion so‘mlik daromadi to‘xtagan. Ushbu mablag‘lar fuqarolar cho‘ntagida qoladigan tizim yaratilgan.
Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan 3,2 foizlik majburiy ajratma bekor qilingan. Bunda ham jamg‘arma 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘qotishiga to‘g‘ri kelgan.
Prezident farmoni asosida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab yagona soliq to‘lovi (5 foizlik) to‘g‘ridan to‘g‘ri Pensiya jamg‘armasidan olinib mahalliy budjetlarga yo‘naltirildi. Endi yagona soliq to‘lovchi korxona va tashkilotlar ushbu mablag‘larni mahalliy budjetga to‘laydigan bo‘lgan.
Shunday qilib, mazkur farmon bilan jamg‘armaning 4 ta soliq yo‘nalishidan 3 tasi bekor bo‘ldi, 1 tasi qisqardi.
Buning natijasida Pensiya jamg‘armasida 2019 yilda 9,7 trillion so‘m yo‘qotish paydo bo‘ldi. Jamg‘armaga tushishi kerak bo‘lgan ushbu mablag‘larning barchasi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda va fuqarolarning cho‘ntagida qolgan.
O‘tgan ikki yilda jamg‘armaga davlat budjetidan ajratilgan summalar tahlili
2019 yilda Pensiya jamg‘armasiga davlat budjetidan 4,7 trillion so‘m transfert ajratilishi belgilangan. Ammo tashkilot o‘rtacha oylik ish haqining oshishi natijasida kutilgan daromadlardan oshgan pullar hisobiga davlat tomonidan ajratilgan mablag‘ olinmagan. Jamg‘arma 2019 yilda hech qanday transfertlar va defitsitlarsiz o‘z xarajatlarini qopladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvar holatiga jamg‘armada 6 trillion so‘mga yaqin qoldiq mablag‘lar mavjud bo‘lib, bu 2010 yildan beri yig‘ilib kelgan daromadlar hisobiga shakllangan edi.
2020 yil 1 yanvar holatiga jamg‘arma hisobida 5 trillion 70 milliard so‘m qoldiq mablag‘lar bo‘lgan. O‘tgan yili tashkilot tomonidan pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun jami 31,8 trillion so‘m xarajat qilingan.
Pandemiya sabab ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga yengillik yaratildi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga tushirildi. Turoperatorlarga va mikrofirmalarga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga kamaytirildi. Natijada jamg‘arma budjetiga 3,5 trillion so‘m zarar yetkazildi.
Pensiya jamg‘armasiga erkin qoldiq va soliqchilar tomonidan yig‘ilgan pullar hisobiga 2020 yilda 9,1 trillion so‘m davlat budjetidan transfert berildi.
Jamg‘armaning 2020 yilga belgilangan daromadlar rejasi 20 trillion 134 milliard 200 million so‘m bo‘lib, ijrosi 20 trillion 592 milliard 300 million so‘mni tashkil etdi yoki ijro belgilangan parametrga nisbatan 102,3 foizga bajarildi. Ajratilgan 9,1 trillion so‘m transfert qo‘shilib 2020 yilda aholiga pensiyalar yetkazildi. Umumiy xarajatlar esa 31,8 trillion so‘mni tashkil etdi.
Pensiya jamg‘armasining 2021 yildagi xarajatlari va transfert tahlili
2021 yilga kelib jamg‘armaga davlat budjetidan ajratiladigan transfert mablag‘lar hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu miqdor qariyb 14,7 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
«Davlatimiz rahbari hisob-kitoblarni pandemiyani inobatga olgan holda qilinglar» deganlar. Daromad shunga yarasha kamroq hisoblanadi. Xarajatni esa kamaytirib bo‘lmaydi. Pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida yetkazib berishimiz kerak. Bir yilda 350 mingga yaqin pensiya tayyorlaymiz. Pensiya jamg‘armasi yil davomida ya'ni 2021 yilda jami pensiya va nafaqalar uchun 36,5 trillion so‘m mablag‘ xarajat qilishi rejalashtirilgan. Bu qonun bilan belgilab qo‘yilgan», deydi jamg‘arma bo‘lim boshlig‘i Abror Xolmatov.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda Pensiya jamg‘armasi soliq idoralari bilan birgalikda ijtimoiy soliqlar hisobiga 23,5 trillion so‘m mablag‘ yig‘ishni reja qilgan. Mazkur yetishmayotgan mablag‘lar o‘rnini qoplash maqsadida davlat budjetidan 14,7 trillion so‘m transfert olish belgilangan.
Jamg‘arma bir oyda o‘rtacha 3,8 million nafar pensionerlarga (umumiy nafaqa) 2,9 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiradi. Tashkilot oyiga o‘rtacha 1,7 trillion so‘m daromad ko‘radi. Oradagi defitsit 1,2 trillion so‘mni tashkil etadi.
Ochiqlanishicha, jamg‘armaga tushadigan pulga nisbatan qilinadigan xarajat ko‘proq. Shuning hisobiga transfertlarni 2021 yil yakuni bilan 14,7 trillion so‘m ajratilishi prognoz qilingan.
Ma'lumot uchun, 2021 yilga mo‘ljallangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalarini saqlab qolish, aksiz solig‘i, yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarini Soliq kodeksiga kiritish, 73 xil tovarga aksiz solig‘ini bekor qilish, eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa choralar ko‘zda tutilgan.
Islombek Umaraliyev tayyorladi.