Prezidentning ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga oid farmoni bilan joriy yil 1 martdan boshlab, O‘zbekiston fuqarolaridan mehmonxonada yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undirilishi belgilandi.
Ta'kidlanishicha, endilikda turizm kompaniyasi yoki mehmonxona O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha yashash uchun joylashtirganda, har bir yashagan kuni uchun (yashash uchun to‘lovdan tashqari) Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda, turistik (mehmonxona) yig‘imni ham to‘laydi.
Ma'lum qilinishicha, mahalliy aholidan yig‘iladigan turistik (mehmonxona) yig‘im ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Turistik yig‘im ham soliqmi? DSQ izoh beradi
Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayrim OAV va blogerlar tomonidan yig‘im va soliq tushunchasi yanglish talqin qilinmoqda.
«Soliq kodeksi bo‘yicha yig‘im va soliq tushunchalarining farqi shundaki, yig‘im ma'lum bir majburiy to‘lov evaziga uni to‘lovchiga muayyan huquqlarni, harakatlarni yoki ruxsat etuvchi hujjatlarni berishni nazarda tutsa, soliq esa aksincha, majburiy beg‘araz to‘lov hisoblanib, bunda soliqni to‘lovchi shaxsga yig‘im singari ma'lum bir huquqlarni taqdim etmaydi va soliqlar faqat Soliq kodeksi bilan belgilanadi», – deyiladi qo‘mita izohida.
Turistik yig‘im undirilishi mahalliy tadbirkorlar uchun nimani anglatadi? Kun.uz turizm biznesi bilan shug‘ullanadigan ayrim tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
«Turon travel» kompaniyasi ta'sischisi, tadbirkor Abdurasul Abduhalilovning fikriga ko‘ra, fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan turistik yig‘im undirilishi maqsadga muvofiq emas.
«Avvalo, turistik yig‘im nimaligini bilishimiz lozim, bu – turistlardan O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish va mamlakatni xorijda reklama qilish uchun sarflanadigan mablag‘lar uchun yig‘iladigan yig‘im hisoblanadi. «O‘zbekturizm» qo‘mitasi xalqdan turistik yig‘im yig‘ib O‘zbekistonni xorijda reklama qiladi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun davlat ichki turistik obektlarni reklama qilishi shart emas. Turistik yig‘im juda kichik summa bo‘lgan taqdirda ham u maqsadga muvofiq emas. Sababi, O‘zbekistondagi tadbirkorlar, mehmonxona, muzey egalari ichki turizm uchun reklamani o‘zi tashkil qiladi, chunki bu tijorat, biznesning marketing qismi», – dedi u.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqaro turoperator orqali mehmonxonani bron qilsa, shartli ravishda «O‘zbekiston» mehmonxonasidagi 1 kishilik standart xona narxi 270 ming so‘mni tashkil qilsa, bu fuqaro uchun turoperatorga taqdim qilingan korporativ narxlar asosida 200 ming so‘mni tashkil qiladi. Yuqoridagi 10 foiz chegirma hisobiga esa mehmonxona narxi 180 ming so‘mga aylanadi.
Masalan, ushbu xizmat Farg‘ona shahridagi «Ziyorat» mehmonxonasida 180 ming so‘mga taqdim etiladi, turoperatorlar korporativ narxlarda 150 ming so‘mdan olib, 10 foizlik chegirma hisobiga mahalliy sayyohga 135 ming so‘mga taqdim qiladi. Bunda turistik yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,4 foizini – 980 so‘mni tashkil qiladi.
Abduhalilovning aytishicha, turistik yig‘im summasi unchalik katta emas, biroq yig‘im majburiy bo‘lgandan keyin, yiliga qancha mablag‘ yig‘ilishi, qayerga va qanday tarzda sarflanishi kabi savollarga xalq javob olishi kerak.
«Chunki u davlatning emas, xalqning puli bo‘ladi. Shu paytgacha katta mehmonxonalarda turgan xorijlik turistlardan turistik yig‘im undirilgan, mablag‘lar sarfi xalqqa ochiq e'lon qilindimi? Yana bir muhim jihati, aslida, xalq mamlakat ichida dam olgani uchun ularga davlat kompensatsiya to‘lashi kerak, chunki mablag‘ chetga oqib ketmayapti. Ichki turizm rivojlanishi uchun mamlakat ichidagi turistlarni qo‘llab-quvvatlash, imtiyozlar berish kerak emasmi? Turkiyani turistik o‘lkaga aylantirgan prezident Turgut O‘zal ichki turistlarga imtiyozlar bergan, natijada Turkiyada ichki turizm rivojlandi.
Turistik yig‘im joriy qilinishi birinchidan, tekshiruvlar ortishiga (mehmonxonada yashayotgan turist ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganini aniqlash uchun) qolaversa, turistik firmalarning to‘lovlarni to‘lay olmasligi ortidan qonunbuzarliklar ortishi, mehmonxonalarda turish narxi qimmatlashishiga sabab bo‘ladi. Natijada O‘zbekistonda ichki turizm qimmatlashadi, o‘zbekistonliklar qimmat ichki turizmdan ko‘ra chetda dam olishni afzal ko‘radi, qanchadan-qancha mablag‘ chetga chiqib ketadi», – deb hisoblaydi tadbirkor.
Kun.uz’ga shaxsini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan o‘zbekistonlik tadbirkorning fikricha, ichki turizm yo‘q joyda qo‘shimcha barer qo‘yish mantiqsizlik.
«Shuningdek, qarorda yig‘im faqat mavsumiy yig‘iladi deyilmagan, demak turistik mavsum kam bo‘lgan paytlarda ham bu yig‘im ichki turizmga qo‘shimcha to‘siq bo‘ladi», – dedi u.
Yana bir turizm biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorning fikriga ko‘ra, fuqarolardan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan turistik yig‘im undirilishi mehmonxona xarajatlarining, shuningdek, xona narxlarining oshib ketishiga sabab bo‘ladi. U tushadigan summa ichki turizmni rivojlantirish uchun sarflanadi deyilganiga qaramay, targ‘ibot tushunchasi mavhum, shu bilan birga xalqqa bundan foyda yo‘q, deb hisoblaydi.
Turistik yig‘im undirilishi soliq yukini oshirmaydimi?
DSQ huzuridagi Fiskal institut katta o‘qituvchisi Sodiq Boymurodovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, fuqarolardan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan turistik yig‘imi undirilishi soliq yukini ko‘payishiga sabab bo‘lmaydi. Boymurodov Prezidentning ichki va tashqi turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi farmoniga ko‘ra, 2021 yil oxiriga qadar beriladigan imtiyozlar soliq yukini oshmasligini ta'minlaydi, deb hisoblaydi.
«Chunki, mazkur farmonning 3-bandida 2021 yil 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish belgilandi. Shuningdek, kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O‘zbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalanadi.
Farmonda turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi sub'yektlar bo‘yicha:
yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilish;
ular tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar berilishi ko‘zda tutilgan», – dedi u.
Mehmonxona biznesi bo‘yicha mutaxassis Dilshod Odilov «garchi mahalliy turistik yig‘imni oqlamasa-da, pirovardda xalqqa yaxshi bo‘ladi» deb hisoblaydi.
«Prezident qaroriga ko‘ra, endi ichki turizm bo‘yicha, masalan, temir yo‘l chiptasini 100 ming so‘mga xarid qilib, 5 kunga Samarqandga borsangiz va aytaylik, 200 ming so‘mlik mehmonxonada tunab qolsangiz, davlatdan sizga chiptaning 15 foizi (ya'ni 15 ming so‘m) va mehmonxona narxining 10 foizi (100 ming so‘m), jami 115 ming so‘m qaytarib beriladi. O‘z navbatida siz mahalliy turist sifatida yangi joriy qilingan 1000 so‘mlik mahalliy turist yig‘imini 5 kun uchun 5000 so‘m miqdorida to‘laysiz. Natijada 110 ming so‘m sizga iqtisod bo‘lib qolyapti», – deydi Odilov.
Mutaxassisning fikricha, mehmonxonalar yil oxirigacha narxga salmoqli ta'sir ko‘rsatuvchi, mehmonxonalar uchun eng og‘ir soliq hisoblangan – mulk va yer soliqlaridan 2021 yil oxirigacha ozod qilingan. Foyda solig‘i ham 50 foizga kamaytirilgan.
Ammo 2021 yilgi imtiyozlarning amal qilish muddati tugagach, soliq yuki masalasi qanday hal qilinadi? Bu savolga hozircha javob yo‘q.
Turistik yig‘im miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxonada turgani uchun kuniga kichikroq summa – 1000 so‘m atrofida turistik yig‘im to‘lashi mumkin.
Madina Ochilova tayyorladi.