«Nike» va «Adidas» krossovkalarini ishlab chiqaruvchi liniya 2021 yil 4-choragida ishga tushib, 2022 yilning 3-choragida to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Zavodda yiliga jami 3 million juft sport poyabzali ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi Kun.uz’ga xabar berdi.
2019 yil boshida amalga oshirilgan «Tianjin Zhongzhilihua» kompaniyasi bilan «SinoInternational» MChJ o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Andijon viloyatida 2020-2022-yildan bosqichma-bosqich (umuman 3 bosqichda) «Nike» va «Adidas» krossovkalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Markaziy Osiyo davlatlariga tayyor mahsulotlarning 50 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Xitoy davlatida koronavirus pandemiyasi to‘liq bartaraf etilgandan so‘ng, investor Fan Rong Xuan qolgan dastgohlarni import qilib keltirishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqich 2021 yilning 4-choragida ishga tushib, loyiha 2022 yil 3-choragida to‘liq quvvatda ishga tushishi rejalashtirilgan.
Ma'lum qilinishicha, «SinoInternational» MChJ korxonasiga Andijon viloyati Asaka tumanidan 1 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, hozirda 1000 kv.metr joyga bino inshootlari qurilgan. Dastgohlar olib kelib o‘rnatilgan. Korxona 2020 yilning 4-choragida ishga tushgan.
«O‘zcharmsanoat» uyushmasi ma'lumotiga ko‘ra, viloyatning shu hududidagi ishsiz erkaklar va ayollarni ishga jalb qilgan holda hozirda sinov tariqasida 1 oyda 40 ming juft bolalar va o‘smirlar krossovkalari ishlab chiqarilmoqda.
Uyushma xabariga ko‘ra, «Nike», «Adidas» krossovkalari talab darajasida ishlab chiqarilganidan so‘ng, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 50 foizini Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilishni «Tianjin Zhongzhilihua” kompaniyasi zimmasiga olgan. Shu bilan birga, «SinoInternational» MChJ xalqaro yarmarkalarda ishtirok etish hisobiga 30 foizini boshqa davlatlarga va 20 foizini ichki bozorga sotishga kelishilgan.
Loyihaning moliyaviy manbasi – investor Fan Rong Xuan bo‘lib, loyiha to‘liq ishga tushishi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri 12 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yotqizilishi rejalashtirilgan. Hozirda xorijiy investor tomonidan 6 million AQSh dollarlik investitsiya kiritilgan.