Tovar-xomashyo birjasi raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida tabiiy gazni bozor mexanizmlari asosida sotishni yo‘lga qo‘yishning bugungi kundagi zaruriyati haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Kamolovga ko‘ra, ayni vaqtda respublikadagi tabiiy gaz oldi-sotdi tizimi monopoliyaga asoslangan va bu yomon. Erkin savdoni yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar chet eldan gaz import qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari va shu orqali mamlakat iqtisodiyoti sezilarli o‘sishi mumkin.
«Tabiiy gazni bozor mexanizmlari asosida sotish 2021 yilda ko‘tarilgan masala bo‘lsa, Yevropa yoki Amerikada bu 20-30 yil avval amalga oshirilgan. Ya'ni ushbu bozor mexanizmi – Gaz Hub’i deyiladi.
Bu tizimni amalga oshirish uchun bozorda sotuvchi va oluvchi ko‘p bo‘lishi kerak. Bizning hozirgi tizim – monopol. Ya'ni sotuvchi faqat bitta, oluvchi ko‘p. Bu yerda bozor mexanizmi mavjud emas. Bizda tabiiy gazni joriy qilish imkoniyati bor.
Buning uchun birinchi o‘rinda texnik jihatdan gazni yetkazib berish tizimini takomillashtirishimiz va asosiy xaridorlarni aniqlab olishimiz lozim. Ularga texnik talablar ishlab chiqishimiz, qanaqa hisoblagichlar bo‘lishi, qanday bosimlarda yetkazib berilishi kabi talablar aniq yozilishi va normativ hujjatlar ishlab chiqilishi kerak.
Bunda sotuvchilarni ham bir necha turga ko‘paytirishimiz zarur. Ya'ni bitta O‘zbekistonda emas, tadbirkorlarga Qozog‘iston, Turkmaniston yoki boshqa davlatlardan gazni import qilish imkoniyatini yaratishimiz zarur.
Buni benzin misolida ko‘rishimiz mumkin. Ilgari bu mahsulot Toshkent shahrida yetarli bo‘lsa-da, viloyatlarda taqchil edi. Bozor mexanizmi joriy qilinganidan keyin, benzin taqchilligi viloyatlarda ham yo‘qoldi.
Hozir qaysi viloyatga borsangiz gaz yetarli. Sababi benzin yetkazib beruvchilar ko‘paydi. Ya'ni bu bitta tashkilotga bog‘liq emas, bozorga bir nechta tashkilot kirib keladi. Bozorda ishtirokchilar soni ko‘payadi. Tabiiy gazda xuddi shu narsani tashkil qilish kerak.
To‘g‘ri, muammolar ko‘p. Gaz yetkazib berishda yo‘qotishlar bo‘ladi. Qishning sovuq kelishi bor. O‘sha paytda gaz bosimi o‘ynashi kuzatiladi.
Bu yerda gazning o‘ziga xoslik jihatlari juda ko‘p. Shuning uchun ishchi guruh tashkil qilganmiz. Xorijiy tajribani ham o‘rganamiz. Chet ellarga borib kelamiz. Kerak bo‘lsa, u yoqdan ekspertlar jalb qilamiz. Va bosqichma-bosqich shu narsaga o‘tishimiz kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoitiga kelishimiz zarur. Ulgurji iste'molchi pulini to‘ladimi, o‘z gazini olishi kerak. Qaysi yetkazib beruvchi bo‘lishidan qat'i nazar, mana shanday bo‘lishi lozim», – dedi u.
Avvalroq, O‘zbekistonda 2021 yilning 1 iyuniga qadar tabiiy gazni yuridik shaxslarga bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmi ishlab chiqilishi xabar qilingandi. Mazkur vazifa prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2021 yilgi davlat dasturida belgilangani aytilgan.
Shuningdek, UZEX birja bosh makleri Mansur To‘ychiyev 2021 yilda bir qator mahsulotlar qatori tabiiy gazni ham birja savdolarida sotish mexanizmini yaratish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganilayotgani haqida gapirgan.