«O‘zbekiston uchun yopiq bo‘lish zararli». Davlat xaridlaridagi cheklov qanday oqibatlarga olib keladi?

Iqtisodiyot 16:52 / 17.02.2021 21335

29 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar va xizmatlarning davlat xaridlaridagi ishtirokini cheklashni nazarda tutuvchi «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni tasdiqladi.

Hujjatda cheklangan tovarlar ro‘yxatiga oziq-ovqat, elektrotexnika, kimyo sanoati, to‘qimachilik, transport ehtiyot qismlari, plastmassa, qog‘oz, keramika, shisha, metall buyumlar va boshqa turdagi mahsulotlarning 529 xili kiritilgan.

Mazkur taqiq iqtisodchilar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda. Xususan, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Doston G‘ofurov ushbu ro‘yxatdagi barcha mahsulotlar o‘zimizda ishlab chiqarilishi importni to‘xtatish uchun asos bo‘la oladi, degan fikrda.

«Janubiy Koreya amaliyoti bilan yaqindan tanishman. Ular o‘zlarida bo‘lgan tovarlarni hech qachon import qilmaydi. Xitoy ham shunday. Bizda ham vaqtincha emas, doimiy cheklovni qo‘yish kerak deb o‘ylayman. Qarordagi ro‘yxatga asosan o‘zimizda 100 foiz mavjud bo‘lgan tovar mahsulotlari va xizmat turlari kiritilgan. Ularning ko‘p qismi o‘zimizda bo‘lgani uchun budjet mablag‘larini valuta ko‘rinishida chetga chiqib ketishining oldini olishga xizmat qiladi. Kutilayotgan natija ham shunda. Ya'ni o‘zimizning pulimiz o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarga, tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi», – deydi u Kun.uz  muxbiri bilan suhbatda.

Iqtisodchi olimning fikricha, rivojlangan mamlakatlarda davlat xaridlari milliy valutani boshqa valuta ko‘rinishida chetga chiqib ketishining oldini olishga xizmat qilishi kerak, deb hisoblashadi. Import qilinayotgan tovar mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilsa, xizmat turi ham bo‘lsa-yu, xorij mahsulotini ma'qul ko‘rsak, ular pulni davlatdan olib chiqib ketadi.

«Davlat ishonchli buyurtmachi bo‘lish bilan birga, ishonchli mijozdir. Agar uning buyurtmasi bajarilsa, pulni aniq va to‘liq hajmda olish davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunda kafolatlangan. Buyurtma bajaruvchisi boshqa bir xaridorga yarmini olib qolganini keyin berish kabi holatlarga duch kelmaydi», – deya qayd etdi u.

Mavzu yuzasidan bildirilgan boshqa fikrlarning asosiy qismi tanqidiy-tahliliy ruhda. Jumladan, moliyachi mutaxassis Abdulla Abduqodirov bu qarordagi umumiy kamchilikka to‘xtalib, «keyingi yillarda yana ilgarigi 25 yilda o‘zini oqlamagan iqtisodiy siyosatni –– raqobatbardosh bo‘lmagan sohalarni proteksionizm orqali qo‘llashga urinyapmiz», deya ta'kidladi.

Abduqodirovning aytishicha, «bu hujjat kimlargadir, qandaydir holatlarda ishlaydi, qandaydir holatlarda esa – yo‘q».

«Shuni unutmaslik kerakki, davlat budjeti va kreditlar orqali biz yalpi ichki mahsulotning 40 foizgacha bo‘lgan ulushini qayta taqsimlaymiz, bu esa kichik mablag‘lar emas. Eng yomoni – bunday xujjatlar chuqur tahlilsiz, ro‘yxatga kirgan har bir tovar o‘rni nega kiritilgani haqida ma'lumot berilmay, bozor konyunkturasini o‘rganilmay, uzoq oqibatlarini ko‘rmay qabul qilinishidir. Avvaliga 300ga yaqin pozitsiya bo‘lsa (loyiha vaqtida) qarorda 530ta pozitsiya! Lekin biron bir pozitsiya bo‘yicha bozor kon'yunkturasi o‘rganilib, asos berilmagan», – deydi Abdulla Abduqodirov.

Masalaning yana bir tomoni – qarorda mahalliy mahsulotlarga import tovarlari narxining 15 foizigacha bo‘lgan miqdorda imtiyozlar qo‘llanilishi.

Iqtisodchining aytishicha, respublikada konvertatsiya kiritilganidan so‘ng ko‘p sohalar (tekstil, sanoat elektronikasi, uy jihozlari elektronikasi va boshqalar) qattiq raqobatga uchradi. Lekin import va mahalliy tovar narxlari o‘rtasidagi tafovutni pasaytirish, ichki ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun 15 foizlik narxda preferensiya belgilanishining o‘zi yetarli chora edi. Qarorda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga narx sohasida preferensiya berishning eng ko‘p miqdori (15 foiz) qat'iy belgilanganligi amaldagi tajribani oydinlashtiryapti.

«15 foiz narx ustidagi ustunlik yetmasa, bizga nima keragi bor bunday ishlab chiqarishni? Agar 15 foizlik narx ustunligi kor qilmasa, biz boshqa sohalarda ish o‘rinlari yaratishimiz kerak. Boshqa sohalarda potensial hali juda katta. Yo‘q, bizga shu lo‘ndasi, ortiqcha tashvish qilmaydigan va «xalq foydasiga» niqobiga burkangan, iqtisodiyotni bulg‘ovchi zararli qarorlar kerakki, sohani monopollashtirib olgan korxonalar faqat foyda ko‘rsin. Bu juda qaltis va hech bir iqtisodiyotda o‘zini oqlamagan yo‘l. Ana shu sohalarga ustunlik berganimiz tufayli, aslida biz davlat budjeti va turli xil kreditlar evaziga qilinayotgan davlat xaridlari samaradorligini keskin tushiryapmiz. Belgilangan cheklovlarda sifat uchun hech qanday o‘rin qoldirilmagan», – deydi Abdulla Abduqodirov.

O‘z navbatida mahalliy tovarlar ishlab chiqarish sur'atining oshishi yirik korxonalar imkoniyatini kengaytirgan holda kichik zavodlar iqtisodiga qattiq zarba berishi mumkin. Bu orqali ko‘pgina korxonalar faoliyati umuman to‘xtab qolish xavfi oshadi.  

Hukumat qarori e'lon qilingach, Adliya vazirligi davlat xaridlarida import tovarlar nega cheklanganiga izoh berdi. Unda pandemiya sabab faoliyatida uzilish bo‘lgan mahalliy tadbirkorlar uchun imkoniyat yaratish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojlari uchun ularning mahsulotlaridan foydalanish maqsadga muvofiq ekani bayon etilgan.

Mazkur izoh internet foydalanuvchilari tomonidan turli mulohazalarga sabab bo‘ldi. Xususan, moliyachi Otabek Bakirov Telegramdagi kanalida «Yopishmagan izohlar» sarlavhali post qoldirdi. Moliyachining fikricha, vazirlik izohi qarorni oqlash uchungina yozilgan. «Aslida importni cheklashga qaratilgan bu tadbir importni oshirsa-oshiradiki, aslo kamaytirmaydi».

«Zararli proteksionizm va favoritizmni oqlab berish vazifasini Adliya vazirligi xodimi bajarib berayotganidan aslo ajablanmaslik kerak. Kelasi safar masalan, Energetika vazirligi konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlarni asoslab berishi ham mumkin. Asosiy muammo bunda emas. Asosiy muammo izohlarga qo‘llanilgan dalillarda», – deydi post muallifi.

Izohga munosabat bildirilar ekan, Otabek Bakirov ichki bozorni himoyalash niqobi uchun Rossiya misol qilib ko‘rsatilayotgani, butun dunyo ushbu davlat amaliyotidan qochayotgan vaqtda O‘zbekiston ularning bag‘riga kirib borayotganini tanqid ostiga olgan.

«Taqiq va cheklov faqat davlat xaridlari doirasida mavjud, xususiy tadbirkorlar yoki fuqarolar o‘z ehtiyojlari uchun istalgan tovarni xarid qilishi yoki xizmatlardan foydalanishi mumkin (rasmiy izohdan – tahr.)». Hech kim biznes yoki fuqarolar ehtiyojlari uchun tovarni xarid qilishi yoki xizmatlardan foydalanishi mumkin emas, deyayotgani yo‘q. Preferensiyalar orqali juda katta miqdordagi mablag‘larni davlat xaridlari orqali o‘zini mahalliy ishlab chiqaruvchi, deya yorliq bilan atab olgan tor doiraning o‘zlashtirishi eng asosiy e'tiroz. Davlat xaridlari – mamlakatdagi eng katta talab hosil qiladigan platforma. Shu platformani cheklovlar kiritish orqali bo‘lib olingani haqida gap. Qolaversa, aslida importni cheklashga qaratilgan bu tadbir importni oshirsa-oshiradiki, aslo kamaytirmaydi. Chunki o‘zini mahalliy ishlab chiqaruvchi deb atab olganlar aslida niqoblangan importyorlardir», – deb yozadi Otabek Bakirov.

Avvalroq, Kun.uz’da sotsiolog va jurnalist Filipp Gajiliponing O‘zbekiston nega proteksionizm siyosatiga sodiq qolmasligi kerakligi to‘g‘risida Ispaniyaning IE universiteti professori, iqtisodiy integratsiya sohasi eksperti Fernando Kortinyas bilan suhbati e'lon qilingan edi.

Suhbat davomida olim proteksionizm siyosatini qo‘llab mustaqil ravishda rivojlanishni faqat kuchli ichki bozorga ega katta o‘yinchilar qo‘llashi mumkinligini aytgan. Agar mamlakatda bu bo‘lmasa, proteksionizm — hech qayoqqa eltmaydigan yo‘lligi ta'kidlangan.

«O‘zbekiston bozori mamlakatning o‘zi singari yetarli tarzda kichik. Shu sababli Xitoy, Hindiston va Rossiya kabi gigantlar bilan solishtirganda O‘zbekistonda muhim bir nyuans bor — har qanday narsani ishlab chiqarishni miqyoslashtirish juda murakkab. Ikkinchidan, texnologik rivojlanish nuqtayi nazaridan mamlakat qoloqlar safida, shu sababli yopiq bo‘lish — juda xavfli. Chunki mamlakat ichida mahsulotlarni raqobatbardosh qiluvchi ustunliklar yo‘q. Proteksionizm siyosatini qo‘llab mustaqil ravishda rivojlanishni faqat kuchli ichki bozorga ega katta o‘yinchilar qo‘llashi mumkin», – degan edi Fernando Kortinyas.

Ma'lumot uchun, «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida» hukumat qarorining amal qilish muddati cheklanmagan.

Islombek Umaraliyev

Ko‘proq yangiliklar: