Janubiy koreyalik investorlar Toshkentda zamonaviy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaradi

Iqtisodiyot 18:18 / 17.02.2021 2733

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen va Koreya zargarlik fedaratsiyasi raisi Li Bong Song o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuvda Toshkent shahrida oltindan zamonaviy eksportbop zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 5 million dollarga teng bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lum qilinishicha, mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Janubiy Koreya tomoni ishlab chiqarish jarayoni va ilg‘or texnologiyalar joriy etish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.

«Ayni paytda 1,5 million dollarlik ishlab chiqarish texnikasi va jihozlar O‘zbekistonga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘yilgan. Uskunalarning aksariyati dunyoda o‘xshashi yo‘q va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari tomonidan buyurtma asosida tayyorlangan», deydi Li Bong Song.

Yaqin 3 yil ichida to‘liq ishlab chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yilib, 500ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Li Bong Sing, shuningdek, Osiyodagi eng yirik bozor – Hongkong bozoriga O‘zbekistondan tayyor zargarlik buyumlarini eksport qilishga qiziqish bildirdi. U Hongkongdan berilayotgan buyurtmalarni O‘zbekistonda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonaga yo‘naltirishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Bu O‘zbekistondan zargarlik buyumlari va qimmatbaho metallardan tayyorlangan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni barqaror eksport qilishni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning yanvar-dekabr oylari yakunlari bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmining 38,3 foizini oltin egallagan. Eksport qilingan oltinning qiymati 5 milliard 804 million dollarni tashkil etgan. O‘zbekiston sotilayotgan oltinning juda kam qismini zargarlik buyumlari sifatida eksport qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: