O‘zbekistonda tabiiy gazni birja savdolarida sotish mexanizmi yaratiladi

Iqtisodiyot 19:49 / 16.02.2021 4340

UZEX birja bosh makleri Mansur To‘ychiyev AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida bir qator mahsulotlarni birja savdo operatsiyalariga jalb qilish ko‘zda tutilayotgani haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yilda birja savdo operatsiyalarini yanada kengaytirish maqsadida PVX mahsulotlari, etil spirti va boshqa tovarlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, tabiiy gazni ham bozor mexanizmlari asosida birja savdolarida realizatsiya qilinishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha xorijiy birjalar tajribasi o‘rganilmoqda», – degan u.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2021 yilning 1 iyuniga qadar tabiiy gazni yuridik shaxslarga bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmi ishlab chiqilishi xabar qilingandi. Bu prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2021 yilgi davlat dasturiga kiritilgani aytilgan. 

Shuningdek, joriy yilning 10 martiga qadar suyultirilgan gazni bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmini jadallashtirish ham belgilangan.

Bundan tashqari, yaqin kelajakda zamonaviy tovar derivativlari bozori, ya'ni fyuchers bozorini ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

«Ta'kidlash lozim, buni rivojlangan davlatlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, tovar derivativlari bozori birja savdolarining  eng asosiy qismini tashkil qiladi.  Hozirda yirik xorijiy tovar birjalari-Nyu York, Singapur, Dubay birjalari tajribalari o‘rganilmoqda hamda bu bo‘yicha xorijiy ekspertlar jalb qilingan», – deya qayd etgan Mansur To‘ychiyev.

Ma'lumot uchun, 2019 yil fevral oyida «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» AJ Fyuchers bozorlari assotsiatsiyasining to‘la huquqli a'zosiga aylangandi (Association of Future Markets, AFM).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrda qabul qilingan «Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda tadbirkorlarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini bozor narxlarining noqulay o‘zgarishi oqibatlaridan muhofaza qilish imkonini beruvchi tovar derivativlari, ya'ni fyuchers shartnomalarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Fyuchers bozori ishtirokchilari kelajakdagi vaqt oralig‘ida tovar va xizmatlarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzadi. Bunda xaridor kafolatlangan narxda tovar sotib olish huquqini qo‘lga kiritsa, tadbirkor ishlab chiqarish rejasini uzoq muddatga tuza olishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: