Tesla bitkoin narxini yangi rekordga olib chiqdi. Endi nima bo‘ladi?

Iqtisodiyot 10:59 / 15.02.2021 7240

Tesla kompaniyasi bitkoinga 1,5 milliard dollar sarmoya kiritib, avtomobil xaridlari uchun bitkoinlar qabul qilishni rejalayotganini ma'lum qilgach, bir bitkoin narxi 8 fevral kuni yangi cho‘qqini zabt etib, 44750 dollarga ko‘tarildi. 14 fevralda esa yangi rekord qayd etilib – 49000 dollarga oshdi. Bu raqamli valutaga qanchalar ta'sir qiladi va qanday risklar bor? Bu haqda forbes.ru nashri tahliliy maqola tayyorladi.

O‘zi nima bo‘ldi? Ilon Maskning Tesla kompaniyasi AQShning qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasiga 1,5 milliard dollarlik bitkoin sotib olgach, kriptovaluta narxi rekord darajaga yetdi. Mask bitkoin kompaniya mahsulotlariga to‘lov sifatida qabul qilinishi, shuningdek, likvidlik darajasini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lmagan mablag‘ning bir qismi raqamli aktivlar, oltin va boshqa shu kabi instrumentlarga yo‘naltirilishini aytib o‘tgan.

Mask va uning kompaniyasi bitkoin narxi oshishiga sababchi bo‘lishi birinchi marta kuzatilayotgan hodisamas. Yanvar oyi oxirlarida Mask tvitterdagi sahifasining tavsif qismiga #bitcoin heshtegini qo‘shib qo‘ygan va natijada bitkoinning narxi kun oxirigacha 19 foizga oshgandi. «Aftidan Mask kriptovalutalarni Tesla aksiyalari qiymatini oshirishning bir instrumenti deb hisoblaydi. Ehtimol, Ilon Mask o‘z strategiyasiga mana bunaqa element qo‘shib olgandir: bitkoin narxi ko‘tariladi – Tesla aksiyalari narxi ham oshadi – Maskning bonuslari oshadi», deya taxmin qiladi Shveytsariyaning Newcent kompaniyasi bosh direktori Vladimir Smetanin.

Risklar bormi? Tesla bitkoin sotib olishni kompaniya faoliyati bilan bog‘liq risklardan biri deb atadi. «Raqamli aktivlar bozor narxlarining volatilligiga duchor bo‘lishi mumkin», deyiladi kompaniya bayonotida. Asosiy risk kompaniya kriptovalutadan xalos bo‘lishga to‘g‘ri kelganda yuzaga kelishi mumkin. Zero raqamli aktivlarning ommalashishi bu – nisbatan yangi trend va sarmoyadorlar, iste'molchilar va umuman, biznes ularni uzoq muddatli deb tan olishi hozircha mavhum.

Kriptovaluta bilan bog‘liq risklardan yana biri kompaniyada raqamli valutalarning moddiy shakli yo‘qligi, shuningdek, ularni texnologiyalar va markazlashishdan qochishga bog‘lanib qolish deb hisoblashmoqda. Oxirgi ikki faktor kiberhujumlar va texnologik eskirish kabi tahdidlarga moyil.

«Tesla yanvardayoq bitkoinlarga katta summada sarmoya kiritgandi. Bu bo‘lib o‘tgan hodisalarning in'ikosi xolos. Bunga qarshi biror chora ko‘rish shartmas», deb ogohlantiradi Smetanin. U istalgan vaqtda narx yana tushib ketishini istisno qilmaydi.

CEX.IO Broker kompaniyasining ma'lumotlarni tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Yuriy Mazurning fikricha, sarmoyadorlar, aksincha, koronavirus pandemiyasining ikkala to‘lqini mobaynida ham bitkoinga inflyatsion risklardan sug‘urta sifatida qarashdi: «Bundan tashqari, bitkoinning uning klassik sarmoya instrumentlariga nisbatan uncha katta bo‘lmagan bozordagi kapitalizatsiyasi uning investitsiyaviy jozibadorligini ta'minlaydi. Bu o‘sishga katta potensial beradi».

Blokcheyn-loyihalar bo‘yicha mustaqil tahlilchi, Hash CIB kriptosarmoya bankining sobiq bosh tahlilchisi Rustam Botashevning fikricha, kriptobozordagi volatillik yaqin orada susaymaydi. «Klassik bozorlarda esa, volatillik yuqori. Binobarin, portfeldagi bitkoinning bir qismi agar undagi aktivlar kriptovaluta bilan korrellyatsiya qilinmasa, portfelning volatilligini kamaytiradi», deya tushuntirgan u.

Endi nima bo‘ladi? Bitkoin narxining keskin ko‘tarilib ketishi birgina sababga bog‘liq – Tesla ushbu kriptovalutaga 1,5 milliard dollar sarmoya kiritishini e'lon qilishi. Boshqa fundamental sabablar hozircha yo‘q, deydi Botashev. Smetanin unga hamfikr: «Sarmoyalar qisman hissiyotlarga asoslangan ish va u ko‘plab sarmoyadorlarni (bitkoinni) xarid qilishga undadi. Yaqin orada kichik korreksiyani kuzatishimiz mumkin».

Mazur yarim yillik so‘nggigacha o‘rta volatillik davri va bitkoin narxi ko‘tarilishining yangi to‘lqini yuz berishini bashorat qilyapti.

«Bunda (Institutsional sarmoyadorlar kriptovalutani aktiv sifatida tan olishni va unga sarmoya kiritishni boshlashida) Yevropa va AQSh markaziy banklarining moliyaviy tizimga qo‘shimcha likvidlik kiritish bo‘yicha yevro yoki AQSh dollari taqdiriga bo‘lgan ishonchga ijobiy ta'sir qilmaydigan harakatlari muhim rol o‘ynadi», deydi Botashev.

Smetanin uning fikriga qo‘shiladi. Uning fikricha, yirik institutsional sarmoyadorlar kriptovalutani, xususan, bitkoinni yanada ko‘proq sotib olishni boshlashgani «bozorning umumiy qiyofasini tasdiqlaydi». «Aniqroq aytsak, dollar va boshqa fiat valutalar (Fiat pullari - bu soliqlar yoki qarzlarni to‘lash uchun hukumat tomonidan qabul qilingan, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri oltin va boshqa qimmatbaho buyumlar bilan bog‘lanmagan yoki ta'minlanmagan har qanday pul. Fiat pullari muhim ichki qiymatga yoki foydalanish qiymatiga ega emas.) bemisl darajada chop etilishi natijasida yuzaga kelgan yuqori inflatsiya davrining kirib kelishi. Sarmoyadorlar oltin, kumush, endi esa, bitkoin sari oshiqmoqdalar va ulardan qadrsizlanayotgan dollar o‘rnida rezerv valuta sifatida foydalanishyapti», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: