Dastlabki hisobotda ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda tamaki ishlab chiqarish 1990 yildan buyon sezilarli darajada kamaygan, o‘sha paytda ushbu mahsulotning ekin maydoni 12 ming gektardan, yalpi hosil 27,8 ming tonnadan oshgan. Bugungi kunda sanoatni qayta ishlashga yaroqli bo‘lgan tijorat tamaki mahsulotlarining katta qismi Samarqand viloyatining Urgut tumanida qariyb uch ming gektar maydonda yetishtiriladi, shu jumladan, mamlakat uchun yangi bo‘lgan «Virjiniya» navi — 1,3 ming gektar maydonda.
Xomashyoni qayta ishlashning xususiyatlari
O‘zbekistonga xomashyo importi nisbatan kam miqdorda, yiliga 15 million dollarni tashkil etadi (2019 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra). Import o‘rnini bosish uchun ishlatiladigan «Izmir» va ayniqsa «Virjiniya» navlari uchun xomashyo narxlarining dinamikasi asosan dollarning so‘mga nisbatan dinamikasiga bog‘liq bo‘lib, qiyosiy barqarorlikni ko‘rsatdi. Ta'kidlanishicha, xarajat xomashyoning naviga bog‘liq.
Urgut tumanida «Virjiniya» navini yetishtirish uchun fermerlarning xomashyo ishlab chiqarish bo‘yicha maslahatlari va mashg‘ulotlariga qaramay, tabiiy an'anaviy quritish bilan sanoat qayta ishlash uchun xomashyoning barqaror qiymatlariga erishish imkoni bo‘lmagan.
«Shu sababli, ishlab chiqaruvchi kompaniya bir necha million dollarlik maxsus quritish uskunalarini olib kirishga va ulardan foydalanishga majbur bo‘ldi va xomashyoning maqbul sifat ko‘rsatkichlariga erishish uchun maxsus texnik jarayonni ishlab chiqdi», deya ta'kidlashgan tadqiqotchilar.
Hosildorlik va ekologiyaga ta'siri
Atrof-muhitga ta'siri haqida gapirganda, mualliflar tamaki yetishtirilganda kaliyni bir necha barobar ko‘proq iste'mol qilishiga, shuningdek, boshqa qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalarini faol ishlatishni talab qilishiga e'tibor qaratgan. Tamaki ishlab chiqarish kichik fermer xo‘jalik sharoitida amalga oshirilganda, dehqonlar va ularning oila a'zolari sog‘lig‘iga bir qator salbiy ta'sirlar kuzatilgan.
O‘zbekiston uchun yangi «Virjiniya» navi rentabellik darajasidan bir necha baravar past hosilni, shuningdek, nikotin, smola va boshqa moddalar tarkibidagi o‘ta beqaror ko‘rsatkichlarni namoyon etgan.
«Tamaki yetishtirish uchun yer maydoni dukkakli va yem-xashak ekinlari (beda) bilan almashtirib ekish kerak, aks holda yer tezda unumdorligini yo‘qotadi, hosil bera olmaydi va uzoq hamda qimmatga tushadigan qayta tiklashni talab qiladi. Biroq, dukkakli va ozuqaviy ekinlarni yetishtirish (masalan, chorva uchun beda) bo‘yicha bozor yoki tajriba mavjud emas. Chorvachilik uchun barcha ishlab chiqarish zanjirini qurish kerak bo‘ladi», deydi mualliflar.
Dehqonlar uchun muqobil ekinlar
So‘nggi yillarda tamaki mahsulotlari hosildorligining dinamikasi ijobiy tendensiyani ko‘rsatmoqda, biroq baribir qator mintaqalarda jahon standartlari bo‘yicha o‘rtacha gektariga 3 tonnagacha yetib bormagan. Shuningdek, mualliflar «Virjiniya» navining agrotexnik tadbirlarga sezgirligi, ya'ni ko‘p hosil berishi uchun shunga yarasha parvarish va oziqlantirish ham ko‘p bo‘lishini talab qilishini ma'lum qilishgan.
Yaxshi istiqbollar va rentabellik ko‘rsatkichlari uzumchilik sohalarida ham mavjud, ammo uzoq vaqt davomida mintaqada faqat kishmish navlari yetishtirilib kelinmoqda, ular panjaralar va sim uchun qo‘shimcha sarmoyalarni talab qilmaydi, ammo uzumning qimmatbaho navlarini yetishtirish uchun zarur shartlar mavjud. Boshqa navlarni yetishtirish uchun esa sharoitlar bor.
Mevali daraxtlar orasida kuchli payvandtaglardagi olma va nokning kechki navlarini yetishtirish istiqbolli hisoblanadi. Garchi ular kech meva bersa ham bu hudud iqlimiga chidamlidir. Mosh, loviya yoki no‘xat kabi sabzavot va dukkakli ekinlarni esa daraxtlar qatorlari orasida (meva berishdan oldin) o‘stirish mumkin.
Yem-xashak ekinlarini yetishtirish chorvachilikda ham, ekinlarni almashlab ekishda ham talabga javob beradi, bu yerning unumdorligini tiklash va saqlashga imkon beradi.
Boshqalarga qaraganda xarajatlarni tezroq qoplaydi
Mualliflar sarmoyani qoplash nuqtayi nazaridan eng foydalisi kartoshka yetishtirish bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishdi. Ammo bu sharoitda yetishtirish uchun mos navlarni va qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini tanlash kerak.
Urgut tumanida kartoshkaning qariyb 8-10 xil navlari yetishtiriladi, ammo barchasi ham samarali emas. Xuddi shunday vaziyat sabzavot ekinlari bilan kuzatiladi. Ochiq havoda sabzavot yetishtirish foydali sanaladi. Donli ekinlar esa davlat buyurtmasi asosida yetishtiriladi va shuning uchun ularni yetishtirish tijorat nuqtayi nazaridan xavfi katta.
Xulosa o‘rnida
Iqtisodiy nuqtayi nazardan, ushbu sohada quyidagilarni yetishtirish eng foydali hisoblanadi:
— pomidor va bodring (rentabellik mos ravishda 200 va 300 foizdan yuqori);
— sabzi, danakli mevalar (rentabellik - taxminan 200 foiz);
— boshqa sabzavotlar, meva va ko‘p yillik ekinlar.
Mualliflarning fikriga ko‘ra, tamaki yetishtirish 150 foizdan ortiq rentabellik beradi. Biroq, o‘sishda u kaliyni bir necha barobar ko‘proq iste'mol qiladi, shuningdek qishloq xo‘jaligining boshqa kimyoviy vositalaridan faol foydalanishni talab qiladi, shu bilan bog‘liq ravishda dukkakli va yem-xashak ekinlari bilan almashtirib ekish usullaridan foydalanishni talab qiladi. Dukkakli ekinlarni yetishtirish rentabelligi yuqori (loviya uchun 140 foiz, no‘xat uchun 200 foizdan ortiq), ammo yem-xashak ekinlarining yaxshi sotilishi uchun chorvachilik uchun barcha ishlab chiqarish zanjiri, shu jumladan, sut fermer xo‘jaliklari va yem-xashak barpo etilishi kerak.
Shu bilan birga, masalan, qizil qalampir yetishtirishda zamonaviy qayta ishlash texnologiyasidan (quritish, maydalash) foydalangan holda va xalqaro savdo kanallariga kirish sharti bilan bir gektardan 30 ming dollardan ortiq mahsulot olish imkonini beradi. Tadqiqot mualliflari O‘zbekiston Respublikasida qizil qayyen (chili) qalampir yetishtirishning qiyosiy iqtisodiy istiqbollari va olinadigan daromad haqida gapirishadi.