O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil IV choragi bo‘yicha e'lon qilgan pul-kredit siyosati sharhida iste'mol narxlari indeksiga kiritilgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur mahsulotlar narxlarining o‘sishi asosan aholi talabining barqarorligi hamda pandemiya davrida karantin cheklovlari tufayli taklif omillari kamayishi bilan izohlanadi.
Xususan, meva va sabzavotlar 11,9 foizga (dekabrda 7,3 foizga), shu jumladan, mevalar 16,7 foizga (dekabrda 4,6 foizga) va kartoshka 42 foizga (dekabrda 3,2 foizga) o‘sdi.
Go‘sht narxi o‘sishi
IV chorakda go‘sht narxi o‘rtacha 3,4 foizga, yil davomida esa 18,1 foizga o‘sdi. Mahsulotning sezilarli darajada qimmatlashuviga avgust oyining ikkinchi yarmidan boshlab karantin cheklovlari yumshatilishi natijasida yuzaga chiqqan kechiktirilgan talab, ozuqa narxlari oshishi, qoramol va go‘sht importi qisqarishi kabi omillar sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, parranda go‘shti narxlari ko‘tarilishi ob-havoning pasayib ketishi natijasida yuzaga kelgan elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolar, ayrim viloyatlarda (Samarqand va Toshkent) parranda kasalliklari tarqalishi va ushbu mahsulot ishlab chiqaruvchilari taklifining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Yuqoridagi omillar, shuningdek, parranda ozuqasi narxlari sezilarli o‘sishi va tuxumga bo‘lgan talabning mavsumiy oshishi tuxum narxining 37,6 foizga (IV chorakda 20,6 foiz) o‘sishiga olib keldi.
O‘simlik yog‘i narxi oshishi
Narxlar sezilarli darajada o‘sishi asosan sentyabr-dekabr oylariga to‘g‘ri keldi. 2020 yilda jahon bozorlarida o‘simlik yog‘i narxi o‘sishi kuzatildi. Bu o‘z navbatida ichki bozorda kungaboqar yog‘i narxining oshishiga olib keldi. Xususan, 2020 yil yanvar-dekabr oylarida yog‘ va moy mahsulotlari narxi o‘rtacha 26,9 foizga (IV chorakda 15,6 foiz), shu jumladan, kungaboqar yog‘i 31,4 foizga (IV chorakda 18 foiz), paxta yog‘i 32 foizga (IV chorakda 21,1 foiz) o‘sdi.
Jahon bozorida narxlarning o‘sishi va taklifning qisqarishi hisobiga ichki bozorda shakar narxining yillik o‘sishi 21 foizni (IV chorakda 14,8 foiz) tashkil etdi.
Meva va sabzavotlar narxlaridagi ko‘tarilish
Meva va sabzavotlar tarkibida kartoshka narxi sezilarli hissa qo‘shdi. Bu, asosan, 2020 yilda pandemiya ta'sirida aholining meva-sabzavotlarga, ayniqsa kartoshkaga bo‘lgan talabining yuqori bo‘lgani va yozgi mavsumda bozorlarda eski va yangi hosillar o‘rtasidagi uzilishlar natijasidagi taklifning qisqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
«Kelgusida shunga o‘xshash mavsumiy ta'minot omillarining narxlarga salbiy ta'sirini kamaytirish uchun asosiy e'tiborni kartoshka urug‘larini yetishtirish, ularning yaroqlik muddatini oshirish va saqlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan go‘sht va kartoshka yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishishga qaratish lozim», deyiladi Markaziy bank sharhida.
Bundan tashqari, yil davomida dukkakli ekinlar narxi 52,7 foizga, loviya 36,2 foizga, no‘xat 27,6 foizga, mosh 25,6 foizga, bug‘doy uni 14,8 foizga va guruch 13,8 foizga qimmatlashdi.
Prognozlarga ko‘ra, kelgusi choraklarda ham oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga bosim saqlanib qolishi kutilmoqda. Bunda yetkazib berish va saqlash samaradorligini oshirish, shuningdek, meva-sabzavotlar zaxiralarini yaratish hisobiga mavsumiy o‘zgarishlar natijasida yuzaga keladigan narx tebranishlariga yo‘l qo‘ymaslik muhim hisoblanadi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari ko‘tarilishi
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari avgust-dekabr oylarida nisbatan barqaror bo‘lib, 2020 yil yakuni bo‘yicha yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Xususan, yil davomida qurilish materiallari 11,2 foizga, dori-darmonlar 13,3 foizga (IV chorakda 2,4 foiz), shaxsiy gigiyena vositalari 9,2 foizga (IV chorakda 2,6 foiz) va tamaki mahsulotlari 11,6 foizga (IV chorakda 2,7 foiz) qimmatladi. Oktyabr-dekabr oylarida avtomobil yonilg‘isi narxi o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli darajada oshdi.
Avvalroq, Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, oziq-ovqat mahsulotlarining inflatsiyasi 15,3 foizni tashkil etganini ma'lum qilgan edi. Statistikada o‘tgan yil davomida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmi 260,3 trillion so‘mni tashkil etgani va 2019 yilning mos davriga nisbatan 3 foizga o‘sgani qayd etilgan.