O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil IV choragi bo‘yicha e'lon qilgan pul-kredit siyosati sharhida yaqin istiqbolda kutilayotgan bir necha iqtisodiy xatarlar haqida ma'lumot berdi.
Unga ko‘ra, yaqin oylarda iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kuchayish ehtimoli pastligicha qolmoqda. Shu bilan birga, inflatsiyaning bir martalik omillarining vujudga kelish ehtimoli va inflyatsion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud.
Yaqin istiqboldagi iqtisodiy xatarlar
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi, proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti bo‘yicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziq-ovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish ko‘p jihatdan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi.
Ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan ta'minlash bo‘yicha ta'sirchan choralarni ko‘rish, shu jumladan, bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.
Tashqi iqtisodiy sharoitlar nuqtayi nazaridan asosiy xatarlar
Tashqi iqtisodiy xatarlar koronavirusga qarshi emlash istiqbollari, cheklovlarning davomiyligi, shuningdek, jahon iqtisodiyoti va tashqi savdo-hamkor mamlakatlar iqtisodiyotining kutilganidan ko‘ra sekinroq tiklanishi bilan bog‘liq.
Ichki iqtisodiy xatarlar
Ichki xatarlar nuqtayi nazaridan, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida talab va taklifning uzoqroq muddatda tiklanishi ehtimollarini keltirish mumkin.
Iqtisodiyotning tiklanishi va barqaror o‘sishini ta'minlash ko‘p jihatdan mamlakatdagi mavjud resurslardan foydalanish samaradorligi darajasi, mahsuldorlik, texnik va texnologik yangilanish hamda qo‘shilgan qiymat yaratish salohiyati ko‘rsatkichlari bilan belgilanadi.
Ushbu ko‘rsatkichlarni yaxshilash jarayoni iqtisodiyotga xususiy sarmoyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi. Shu sababli xususiy sarmoyalarni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash va raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning ahamiyati ortib bormoqda.
Umuman olganda, hozirgi sharoitda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash hamda yuqori barqaror o‘sish sur'atlarini tiklash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ko‘p jihatdan tarkibiy islohotlarni amalga oshirish samaradorligi va iqtisodiy o‘sish zaxiralarini yaratishga bog‘liq.
Qisqa muddatda inflatsiya darajasiga ta'sir xatarlari
Markaziy bankka ko‘ra, asosiy proinflyatsion xatar – bu mavsumiy omillar, shuningdek, raqobat sharoitlari va jahon oziq-ovqat bozorlarining kon'yunkturasi sababli oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishidir.
Ichki bozorlarida narx barqarorligini saqlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar tomonidan mahsulotlarning ayrim turlarini eksport qilishga cheklovlar joriy etish bilan bog‘liq muayyan xatarlar ham mavjud.
Iqtisodiy tiklanish va inqirozga qarshi choralarni amalga oshirish davrida narx barqarorligining asosiy shartlaridan biri – talab va taklifning o‘sishi o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlashdir.
Shu munosabat bilan ichki bozorda zaruriy tovar va xizmatlar hajmining barqaror ta'minlanishi bo‘yicha choralarni o‘z vaqtida qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishlab chiqaruvchilarga energiya yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli ishlab chiqarish jarayonlarining vaqtinchalik to‘xtashi bilan bog‘liq yuqori xarajatlar ayrim tarmoqlarda narxlarning oshishiga ma'lum bosimni yuzaga keltirishi mumkin.
Chet davlatlarda epidemiologik vaziyatning og‘irlashishi natijasida cheklov choralarining kuchaytirilishi va mahsulot yetkazib berish hajmining pasayishi ta'sirida, ishlab chiqarish ta'minot zanjirlarida vaqtincha uzilishlar, epidemiologik talablarga rioya qilish zaruriyati natijasida mahsulot ishlab chiqarish tannarxining oshishi kuzatilishi mumkin.
Pandemiya va iqtisodiyotning to‘liq tiklanish davri bilan bog‘liq vaziyatga oid uzoq muddatli noaniqliklar iste'mol va investitsiya kayfiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Bunda talab tomonidan ham, taklif tomonidan ham shoklar yuzaga kelishi mumkin.
Bundan tashqari, inflyatsion kutilmalar jilovlanmagan bo‘lib, turli omillar, shu jumladan, bozorlarda tovarlarning yetarli darajada ta'minlanmagani ta'sirida ularning ko‘tarilish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda, deyiladi Markaziy bank sharhida.