Xo‘sh, dunyoda yonilg‘i bilan harakatlanadigan avtomashinalardan voz kechilayotgan paytda, O‘zbekiston hukumati qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda?
2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangan. Ayni paytda chetdan yengil elektromobil olib kirishda 20 yevro bojxona yig‘imi va 15 foizlik QQS to‘lash kifoya.
2020 yil dekabrida Vazirlar Mahkamasining «Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Qarorda «O‘zavtosanoat» AJ korxonalarida faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ishlab chiqarish konsepsiyasi ishlab chiqish belgilangan.
Shuningdek, Moliya vazirligi 2021 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Davlat budjetini shakllantirishda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avto va mototransport vositalari respublika hududida xarid qilinganda yoki vaqtinchalik olib kirilganda, ularni ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan yig‘imlarni bekor qilgan.
Bundan tashqari, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 yanvarida mashinasozlik tarmog‘ini transformatsiya qilish masalasidagi yig‘ilishda 50–60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurligini ta'kidlagandi.
Endi vaziyatning boshqa tomoniga to‘xtalib o‘tsak. Hukumat chiqarayotgan qarorlar yonilg‘i transportidan voz kechishni anglatayotgan bo‘lsa-da, 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida ma'lum qilinishicha, yaqin kelajakda 7ta kompaniya tomonidan avtomobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Ammo ushbu loyihalarning faqatgina bittasida (Avstriyaning «Parsalpine Management GMBN» kompaniyasi bilan Navoiy viloyati Karmana tumanida) elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Elektromobillar quyidagi bir qancha afzalliklarga ega:
- elektromobillar dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishi kamayishiga olib keladi;
- elektromobil dvigateli elektr energiyasidan (muqobil energiyalar hisobiga) quvvat olishi sababli an'anaviy yonilg‘i sarfini kamaytiradi;
- elektromobillar bilan to‘qnashuv sodir etilganda to‘qnashuv sensori tomonidan batareyalar o‘chirilishi natijasida elektromobil avtomatik tarzda to‘xtaydi;
- ehtiyot qismlari soni kamroq bo‘lgani elektromobilning ishonchliligini oshiradi va natijada ta'mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamayadi;
- batareyalarni standart elektr tarmog‘idan quvvat olish imkoniyatining mavjudligi xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi;
- avtomashina o‘t oldirilgan hamda harakatlanayotgan vaqtda kamroq shovqin chiqadi;
- elektr dvigatelning elektromagnit tormoz rejimida bo‘lishi favqulodda tormozlanish imkoniyatini beradi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonga qancha elektromobil import qilingan?
Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, respublikaga 2018 yilda 13ta, 2019 yilda 39ta, 2020 yilda esa 131ta elektromobil import qilingan.
Ko‘rinib turibdiki, 2020 yilda 2018 yilga nisbatan 10 barobar ko‘proq elektromobillar respublikaga olib kirilgan.
2020 yil davomida elektromobillar quyidagi davlatlardan import qilingan:
- Xitoydan – 92ta;
- Janubiy Koreyadan – 13ta;
- Gruziyadan – 7ta;
- AQShdan – 7ta;
- Germaniyadan – 5ta;
- boshqa davlatlardan – 7ta.
Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, 2020 yilda mamlakatga kirib kelgan elektromobillarning 70 foizidan ortig‘i Xitoydan import qilingan.
Canalys tahliliy kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda dunyo bozorida elekromobillar sotuvi 2019 yildagiga nisbatan 39 foizga oshib, yil davomida 3,1 million dona elektromobil sotilgan.
Yaqin kelajakda qanday investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilishi mumkin?
Joriy yilda O‘zbekistonda «Labo» avtomobili bazasida elektromobil yaratish loyihasini amalga oshirish ma'lum qilingan. «Labo» elektromobilining boshlang‘ich tannarxi 10 ming dollar atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Qo‘qonda elektromobil ishlab chiqarish boshlanishi, avtomobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘lishi ma'lum qilingan. Zavodda yiliga 2 ming dona elektromobil ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 30 mln dollarlik loyiha Xitoyning «Silk Road Company» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, «O‘zavtosanoat» AJ Buyuk Britaniyaning «Bentley» kompaniyasi bilan hamkorlikda 2021 yildan boshlab yangi elektromobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha muzokara olib borayotgani haqida xabar tarqalgan. Norasmiy xabarda 2025 yilga borib, ushbu brend ostida 6 xil gibrid elektromobillar ishlab chiqarilishi mumkinligi aytilgan.
Nima sababdan elektromobillar O‘zbekistonda ommalashmayapti?
Ko‘pchilik elektromobilning respublikada ommalashmayotganiga texnik sabablarni ko‘rsatmoqda. Bunday iste'molchilar avtomashinada nosozlik kuzatilsa, uning ehtiyot qismlarini topishda muammolar bo‘lishidan xavotirda ekanini ta'kidlaydi.
Shuningdek, respublikaning barcha hududlari barqaror elektr energiyasi bilan ta'minlanmagani sabab elektromobillarni quvvatlash bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi tayin.
Butun respublika bo‘ylab quvvatlash shoxobchalari yo‘qligi yoki nisbatan cho‘ntakbop bo‘lgan elektromobillarni quvvatlash uchun uzoq vaqt talab qilinishi elektromobillar xarid qilishni cheklayotgan omillardan biri ekani aytiladi.
Masalan, taxminiy narxi 14 ming dollar bo‘lgan Reno Z elektromobili to‘la quvvatda 200 km masofani bosib o‘tadi. Mashinani to‘la zaryadlash uchun 220 volt tokda 6 soat, 390 volt tokda esa 2 soatga yaqin vaqt ketishi belgilangan. Natijada Xorazmga ketayotgan haydovchi kamida 10 soat vaqtini transportni quvvatlashga sarflashi mumkin.
Boshqa tomondan, nisbatan qulay elektromobillarning narxi ancha qimmat. Masalan, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan Hyundai Kona elektromobillari O‘zbekistondagi avtosalonlarda 35 ming dollar atrofida sotilmoqda.
Avtosalon sotuvchisining ma'lum qilishicha, avtomashinaning Koreyadagi narxi va yo‘l xarajatlari 31,1 ming dollarni tashkil etgan. Shuningdek, transportni O‘zbekistonga olib kirish uchun 2 700 dollar QQS to‘langan.
Doston Ahrorov tayyorladi.