Banklarning ichki auditiga qo‘yiladigan yangi talablar ishlab chiqilmoqda

Iqtisodiyot 08:46 / 13.02.2021 4625

Norma’ning yozishicha, nizom «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi va «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
 
Loyihani tayyorlashda Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining «Banklarda ichki auditga oid tamoyillar»i hamda Ichki auditorlar institutining Ichki auditning xalqaro kasbga oid standartlari, shuningdek bir qator xorijiy mamlakatlarning tajribalari o‘rganib chiqildi.
 
Banklarda tavakkalchiliklarga asoslangan ichki auditni o‘tkazishni tashkil etishda, auditorlik tekshiruvini rejalashtirish va o‘tkazishda bankning risk-profili, shu jumladan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi holati va yirik tavakkalchiliklar hisobga olinishi lozim.
 
Shu bilan birga, mustaqillik va xolislik tamoyillariga muvofiq ichki audit xizmati xodimlaridan auditorlik tekshiruvi chog‘ida manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, bank faoliyatidagi kamchiliklar va huquqbuzarliklarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish va bank faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish talab etiladi.
 
Bundan tashqari, korporativ boshqaruv standartlariga muvofiq tijorat banklarida mustaqil tarkibiy bo‘linma sifatida ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etish maqsadida bank auditi kuzatuv kengashi, boshqarmasi va qo‘mitasining vazifalari va majburiyatlari batafsil belgilanmoqda.
 
Shuningdek nizom loyihasida Markaziy bank va bank ichki auditi xizmati o‘rtasida o‘zaro aloqalar samaradorligini ta'minlash maqsadida alohida normalar kiritilmoqda.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: