O‘zbekistonda yil boshidan buyon 8,5 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etildi

Iqtisodiyot 20:22 / 12.02.2021 1466

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning yanvar oyida hududlardagi tadbirkorlik holati bo‘yicha monitoring o‘tkazdi.

Markazning jamoatchilik bilan aloqalar xizmati xabariga ko‘ra, monitoring natijalari 1 yanvardan 31 yanvargacha bo‘lgan davrda soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,3 foizga o‘sganini ko‘rsatgan.

Soliq tushumlarining sezilarli darajada o‘sishi Jizzax (19,2 foizga), Xorazm (15,8 foizga), Sirdaryo (9,4 foizga) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (10,1 foizga) kuzatilgan.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlaridan tushumlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,3 foizga oshgan.

Bojxona tushumlarining hududlar kesimida eng katta o‘sishi Jizzax (2,4 marta), Farg‘ona (2,4 marta) va Samarqand (1,1 marta) viloyatlarida kuzatilgan.

Shuningdek, yil boshidan buyon tovarlarni eksport qilish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga oshgan.

Tovarlar eksporti hajmining faol o‘sishi hududlar o‘rtasida Navoiy (4 baravar), Andijon (2,1 barobar), Jizzax (95,5 foiz), Sirdaryo (80,8 foiz) va Xorazm (70,9 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi tahlil qilingan davrda 4,3 foizga o‘sgan, shu bilan birga, joriy davrda qaytarilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 foizga ko‘paygan.

Yil boshidan beri respublikada 8 ming 440ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari tashkil etilgan, ularning eng ko‘p soni Qashqadaryo (1 ming 204ta), Toshkent (757ta), Samarqand (672ta), Farg‘ona (664ta) viloyatlarida va Toshkent (1 ming 572ta) shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.

Tahlil qilingan davrda respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40,5 foizga oshgan.

Ushbu davrda mamlakatning barcha mintaqalarida birja faolligining o‘sishi qayd etilgan. Shuningdek, Buxoro (o‘sish 94,1 foiz), Sirdaryo (89,6 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida (75,3 foiz) sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: