Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi ham isloh qilinadi

O‘zbekiston 19:13 / 11.02.2021 16624

Hujjat matni e'lon qilingach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari «imlo, alifbomiz yana islohsiz qolyapti» mazmunida tanqidiy fikrlarni bildira boshladi. Kun.uz muxbiri normativ huquqiy hujjatda lotin yozuvini isloh qilish masalalari o‘rin olgan yoki olmaganini bilish maqsadida «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqqan guruh a'zolaridan biri bilan telefon orqali bog‘landi.

Ishchi guruh a'zosining so‘zlariga ko‘ra, «Yo‘l xaritasi»dagi ikkinchi bandda lotin yozuvini isloh qilish masalasi ham o‘rin oladi.

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta'minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bandida shu masala ham ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, alifbodagi muammoli hisoblangan «O‘, G‘» kabi harflarning ham isloh qilinishi nazarda tutilgan (suhbatdoshga ko‘ra, eng kamida shu ikki harf isloh qilinadi). Bu orqali yozuvimiz yanada takomillashadi va ming yillab foydalanish mumkin bo‘ladi», dedi manba.

Uning qo‘shimcha qilishicha, guruh a'zolari o‘tgan yilning 20 oktyabridan boshlab bu masala bo‘yicha munozaralar o‘tkazib kelmoqda.

«Bahslar asosan lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosini isloh qilish borasida bo‘lyapti. «Yo‘l xaritasi»da belgilangan band bo‘yicha alifbomizning oxirgi, isloh qilingan varianti va nihoyat to‘liq ishlab chiqiladi», dedi suhbatdosh.

11 fevral kuni hukumat qarori bilan Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta'minlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlangani ma'lum qilindi. «Yo‘l xaritasi»da Lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida «O‘zbek tilining imlo qoidalari»ni tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish ham belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: