Akselerator guruhlarining 100 kunlik faoliyati sarhisob qilindi

Iqtisodiyot 20:21 / 11.02.2021 3043

Qurilishga ruxsat berish jarayoni 84 kunga qisqartirildi. Hududlarni rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish bo‘yicha Yo‘riqnoma qayta ishlab chiqildi. Kommunal xizmat korxonalari tomonidan 20 millionga yaqin iste'molchilarning ma'lumotlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Akseleratori (Akselerator) doirasida vazirliklar va idoralar rahbariyati hamda Birlashgan Arab Amirliklari kuratorlari ishtirokida onlayn konferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Konferensiyaning maqsadi – Akselerator guruhlari ishini sarhisob qilish va 100 kunlik muddat doirasida aniqlangan muammolarni baholashdan iboratligi ta'kidlangan.

Akseleratorning asosiy vazifasi bu - davlat organlari va tashkilotlari resurslarini jalb qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi dolzarb muammolarni tezkor va samarali hal qilish hisoblanadi. Muammolarni hal qilish muddati odatda 100 kun etib belgilanadi va mazkur muddat davomida davlat idoralari, xususiy sektor va muammoga aloqador boshqa tomonlar ishtirokida Akselerator guruhi o‘z ishini olib boradi.

Akselerator doirasida 100 kun ichida quyidagi 4ta yo‘nalish bo‘yicha muammolar o‘rganilgan.

Qurilishga ruxsat berish tizimini soddalashtirish

Qurilishga ruxsat berish jarayoni 84 kunga qisqartirilgan. Shu bilan birga, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining hududiy organlari faoliyatini nazorat qilish uchun elektron tizimini yaratish maqsadida onlayn platformani birlashtirish uchun hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqish

Guruh tomonidan «Hududlarni rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risida»gi Yo‘riqnoma qayta ishlab chiqilgan. Jumladan:

  1. Har bir tuman, shahar va qishloq (ovul) aholi punktlari bo‘yicha mahalliy hokimliklar elektron saytida ma'lumotlar bazasini tashkil etish orqali axborot olish soddalashtirilgan.
  2. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hajmi qisqartirilgan.
  3. Shaharsozlik hujjatlarini tegishli tashkilotlar bilan elektron tartibda kelishishni joriy etish belgilangan.
  4. Buyurtmachi tomonidan kiritilganidan so‘ng bosh rejalarni ishlab chiqish muddati 12 oydan 10 oyga qisqartirilishi ko‘zda tutilgan.
  5. Bosh rejalarni ishlab chiqish uchun ajratilayotgan mablag‘larni 3-19 foizgacha kamaytirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilgan.

Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini yaratish sohasidagi muammolarni hal qilish

Hisob-kitob tizimlaridagi ma'lumotlar qayta ishlanib, iste'molchilarning JShShIR (PINFL) raqamlarini kommunal korxonalarning billing tizimlariga kiritish va doimiy ma'lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida kommunal xizmat korxonalari tomonidan 20 millionga yaqin iste'molchilarning ma'lumotlari qayta ishlanishi ko‘zda tutilgan. Xususan:

  • «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ - 7 milliondan ortiq abonent;
  • «Hududgazta'minot» AJ - 3,5 millionga yaqin abonent;
  • «O‘zsuvta'minot» AJ - 3,5 millionga yaqin abonent;  
  • «Toshissiqquvati» DUK - 417 mingdan ortiq abonent.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish

«Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish» loyihasi doirasida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 55 nafar ayolning ro‘yxati tuzilib, malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: