O‘zbekistonda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari hujjatlari (MHXS) davlat tiliga tarjima qilinmoqda.
Moliya vazirligi ushbu tarjima loyihasi yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish va takliflar olish maqsadida haftada 3ta MHXS hujjati vazirlik saytida e'lon qilib borilayotganini xabar qildi.
Bugunga qadar 13ta MHXS hujjatining davlat tilidagi tarjimasi loyihasi vazirlik saytiga joylashtirilgan.
Xabarda aytilishicha, jamoatchilikdan mazkur hujjatlar ma'nosi, imloviy va grammatik jihatlari yuzasidan o‘rinli taklif va mulohazalar kelib tushmoqda.
Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti qarori bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab banklar va yirik soliq to‘lovchilarda buxgalteriya hisobi moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida yuritilishi xabar qilingandi.
Hujjat asosida ishlab chiqilgan «yo‘l xaritasi»da MHXS va unga tushuntirishlar matnlarini davlat tiliga tarjima qilish, shuningdek, ularni Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtirish vazifalari belgilangan.
Ma'lumot uchun, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari orqali respublikada faoliyat yuritayotgan tashkilotlar aksiyalari, qimmatli qog‘ozlari va boshqa turdagi investitsiya jalb qilishi mumkin bo‘lgan moddiy boyliklarning istiqbolda o‘sishi yoki pasayishini tahlil qilishi uchun xorijiy investorlarni zarur axborotlar bilan ta'minlash mumkin bo‘ladi. O‘z navbatida O‘zbekistondagi yirik korxonalarga xalqaro moliya bozorlarida ishtirok etish imkoni yaratiladi.